Jurnalistika sohasida bu yilgi ijodiy imtihonlar qay tartibda bo‘ladi?


Shu kunlarda ijodiy yo‘nalishlar uchun qanday sinovlar topshirilishi ko‘pchilik abituriyentlarni qiziqtirmoqda. Jumladan, jurnalistika yo‘nalishiga qiziquvchilar ijodiy imtihonlar haqida ko‘plab savollar bilan murojaat etishayapti. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O‘zJOKU) «Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar» fakulteti dekani Ravshan Raimjonov bilan 2020-2021-o‘quv yili uchun ijodiy imtihonlar, kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllari haqida suhbatlashdik.

O‘zJOKUda bu yilgi ijodiy imtihonlar qay tartibda va qayerda bo‘ladi? 

Respublika maxsus komissiyasi bayonotida ko‘rsatib o‘tilganidek, ijodiy imtihonlar hududlar bo‘yicha tashkil qilinadi. Hozir bu masala yuzasidan rahbariyat bilan kelishilgan holda, deyarli har bir viloyatda ijodiy imtihonlarni tashkil qilmoqchimiz. Ular quyidagicha hududiy bo‘linadi:

  • Toshkent shahar va Toshkent viloyati;
  • Sirdaryo va Jizzax viloyatlari;
  • Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari;
  • Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlari;
  • Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston respublikasi uchun alohida bir joyda ijodiy imtihonlarni tashkillashtirish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda ushbu hududlar o‘rganilyapti. Bu haqida yana ham aniq va rasmiy maʼlumotni universitet saytida tez kunda taqdim qilamiz.

Karantin cheklovlari tufayli ayrim hududlardan chiqa olmaydigan abituriyentlar ijodiy imtihonga qatnasha oladimi? 

Ijodiy imtihonlar hududlarda tashkil qilingandan keyin, poytaxtga kelish borasidagi muammolarga yoki hududidan chiqa olmaslik muammolari uchramaydi. Abituriyent o‘zi yashab turgan viloyat kesimida tashkillashtiriladigan ijodiy imtihon pavilyonida imtihon topshirishi mumkin bo‘ladi. Ammo uyda bo‘lib, onlayn tartibda imtihon topshirish mumkin emas va bu hujjatlarda ham ko‘rsatib o‘tilmagan. 

Hujjat topshirish ishlari qanday tashkillashtiriladi?  

Hujjatlarning qabul jarayoni o‘tgan yilgi kabi bo‘ladi. Onlayn ravishda Davlat test markazi rasmiy sayti va my.gov.uz portali orqali nafaqat bizga balki boshqa OTMlarga ham hujjat topshirish mumkin. Bu saytlar 15 iyundan 15 iyulga qadar 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatadi.

O‘zJOKUga hujjat topshiradigan abituriyentlarning uchta yo‘nalish tanlash imkoniyati mavjud, 2020-2021 yillarda esa yana bir nechta universitetlarda jurnalistika fakultetlari ochildi. Endilikda abituriyent uchta universitetga ham hujjat topshirsa bo‘ladimi va bunda ijodiy imtihonlari qay tartibda bo‘lib o‘tadi? Ular har bir universitetda alohida ijodiy imtihon topshirishiga to‘g‘ri keladimi?

Alohida ijodiy imtihon topshirilmaydi, abituriyent ko‘rsatgan birinchi OTMdagi ijodiy imtihoni va test sinoviga qatnashadi va unda to‘plagan ijodiy imtihon ballari va testdan to‘plagan ballari boshqa tanlagan OTMlarga ham o‘tadi. Har bir jurnalistika yo‘nalishi bor OTM uchun alohida-alohida imtihon topshirishiga hojat yo‘q. 

Pandemiya sharoiti tufayli imtihon fanlari qisqardi, bu holatning ijodiy imtihonda to‘planadigan ballarga qanday taʼsiri bor. Eng yuqori bal odatdagidek 63 bal bo‘lib qoladimi yoki bal tizimi o‘sadimi?

Albatta, Respublika maxsus komissiyasi bayonotida bu yilgi imtihonlar 2 ta fandan bo‘lishi belgilandi va bunda ham umumiy 189 ball to‘plash imkoni bor. Avvalgi tizimdan farqli ravishda bunda 1-blok uchun 3,2 baldan beriladi, 2-blok uchun esa 3,1 balldan beriladi. Shuning hisobiga umumiy 189 ball to‘plash mumkin bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda endilikda ijodiy imtihonga ham umumiy 93 ball beriladi.

Bu 93 ball og‘zaki va yozma ijodiy imtihonlar o‘rtasida qanday taqsimlanadi?

Endilikda og‘zaki yoki yozma imtihon deb ko‘rsata olmaymiz, Respublika maxsus komissiyasi bayonotiga ko‘ra ijodiy imtihon uchun 1 soat vaqt ajratiladi. Bir soat ichida qanday qilib ham og‘zaki, ham yozma imtihon olishni yoki buni yengillatish tartibini O‘zJOKUning qabul komissiyasi bilan ko‘rib chiqishni boshlaganmiz va bu haqida ham alohida maʼlumotni tez kunda taqdim qilamiz. 

Ijodiy imtihon topshirayotgan abituriyentning ijodiy ishlari chop qilingan bo‘lishi shartmi? 

Avvalgi tajribalarimizga ko‘ra bu qabul komissiyasi tartibida ko‘rsatilmagan bo‘lsada, og‘zaki suhbat paytida abituriyentning qanchalik ijodkorligi va qanchalik darajada tajribaga ega ekanligini o‘rganish maqsadida ijodiy ishlari bor abituriyentlarning ballariga taqdim etgan ijodiy ishlarining qisman taʼsiri bo‘lardi. Bu yil ham ijodiy ishlari chop qilingan abituriyentlarga qo‘shimcha imtiyoz sifatida albatta eʼtibor qaratamiz. 

Xalqaro jurnalistika yo‘nalishida chet tillarini bilish qanchalik muhim? 

Bu savol ham juda o‘rinli. Lekin chet tillari bu yilgi pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda imtihonlar jadvalidan olib tashlandi. Xalqaro jurnalistlarga til bilish darajasi albatta muhim va muhim bo‘lib qoladi. Xalqaro jurnalist bo‘laman degan abituriyent albatta chet tillarini puxta o‘rganishi kerak. Faqat o‘qishga kirishi uchun emas, kasbi ham buni talab qiladi. 

Sirtqi taʼlim va magistratura haqida ham maʼlumot berib o‘tsangiz. 

Sirtqi taʼlim ham kunduzgi tartib qabuli bilan bir xil tartibda amalga oshiriladi. Magistrlarga ham 2 ta imtihon chet tili va mutaxassisligi bo‘yicha imtihon bo‘ladi.

Imkoniyati cheklangan abituriyentlar sharoitdan kelib chiqqan holda ijodiy imtihonga qatnasha olmasa, qayta topshirish imkoni beriladimi yoki baholanmaydimi?  

Imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun alohida imkoniyat va imtiyozlar beriladi. Buni qanday amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va yaqin kunlarda saytimizda eʼlon qilamiz.

Ushbu o‘quv yili qabulida qanday imtiyozlar mavjud?  

-Imtiyozlar bo‘yicha davlat qabul komissiyasining maxsus axboroti beriladi. Bu haqida hozircha o‘tgan yilgi imtiyozlar qanday bo‘lgan bo‘lsa, shu tartib saqlanib turibdi.

Siz doim abituriyentlarga, abituriyent deb emas bo‘lajak talabalar deb murojaat qilasiz. Bu yilgi bo‘lajak talabalaringizga so‘zlaringiz…  

Bo‘lajak talabalar hozirgi yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanishlarini, o‘z ustlarida tinimsiz ishlashlarini va kelajakda safimizga qo‘shilishganda ham jurnalistika sohasini chuqur o‘rganib yuksaklarga olib chiqadigan talabalar bo‘lishini tilab qolardim. Bugungi kunda universal jurnalistlarga talab katta, o‘zi suratga, videoga ola bilishi montaj qilishni bilishi bilan bir qatorda ko‘plab kasbga doir vazifalarni bajara olishi ham kerak bo‘ladi. Bularni o‘rganishi uchun hozir imkoniyat yetarlicha. O‘rganishi kerak va o‘z ustida ko‘proq ishlashi kerak. Albatta, 2020-2021 yilda ana shunday izlanuvchan abituriyentlarni talaba sifatida O‘zJOKUda ko‘rishni xohlardik.

Javoblar uchun katta rahmat.

Nozimbek Mardonov suhbatlashdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi