Keyingi yillarda yosh avlodning harbiy sohaga qiziqishi oshib bormoqda, ushbu sharafli kasbni egallashga ishtiyoq yuksalmoqda. Buni joriy yilda kursant bo‘lish istagini bildirgan yoshlar sonining sezilarli ortgani isbotlaydi. Ayni paytda Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni dastlabki tanlash tadbirlari davom etyapti. Bundan maqsad, bilim yurtlariga yuqori intellektual salohiyatga ega, sog‘lom va ruhan barqaror yoshlarni tanlab olishdan iborat. Ushbu qabul jarayonlari haqida batafsil maʼlumot olish uchun Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shermuhammad Saidahmadov bilan suhbatlashdik.
– Ayni kez mamlakatimizda pandemiya sharoiti davom etmoqda. Shundan kelib chiqib, Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni saralash, o‘qishga qabul qilish va imtihonlarni o‘tkazish tartibiga qanday o‘zgartirishlar kiritildi?
– Hozirgi paytda koronavirus pandemiyasi tufayli barcha oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul va kirish imtihonlarini soddalashtirilgan holda o‘tkazish choralari ko‘rilyapti. Karantin vaqtida yoshlarning respublikamiz oliy taʼlim muassasalariga kirish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatlari biroz cheklangani bois mudofaa vazirining ko‘rsatmasiga muvofiq, 2020 yil uchun oliy harbiy taʼlim muassasalariga (OHTM) nomzodlarni saralash, imtihonlarni soddaroq shaklda o‘tkazish bo‘yicha yangi tartibni joriy etdik.
Jumladan, har yili nomzodlarni yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilimlarini tekshirish, umumtaʼlim fanlaridan yozma imtihon, psixofiziologik o‘rganishlarni o‘z ichiga olgan harbiy-kasbiy tanlov tadbirlari bekor qilindi. Har yili uch bosqichda – tuman, viloyat va OHTM kesimida o‘tkaziladigan nomzodlarning tibbiy ko‘rigi yangi vaqtinchalik tartibga asosan ikki bosqichda – tuman va viloyat kesimida o‘tkazilyapti. Sanitariya qoidalariga rioya qilish maqsadida nomzodlarni individual-psixologik o‘rganish va umumjismoniy tayyorgarligini baholash tadbirlari viloyatlar kesimida emas, balki tumanlar kesimida o‘tkazilyapti.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida sanitariya qoidalariga rioya qilish maqsadida Davlat test markazi tomonidan olinadigan test sinovlari nomzodlar yashaydigan viloyatlarning o‘zida o‘tkaziladigan bo‘ldi. OHTM joylashgan shaharlar (Toshkent va Qarshi)ga kelib o‘tirmaydi.
– Munosib nomzodlarni saralash va imtihon jarayonida shaffoflik qay darajada taʼminlanadi?
– Buning uchun Mudofaa vazirligi komissiyasi tuzilib, ular faoliyatida jamoatchilik vakillari, ota-onalar qatnashadi. Imtihonlarning barcha jarayonlari videotasmalarga to‘liq yozib olinadi.
– Abituriyentlarning test sinovlari qachon o‘tkaziladi?
– Ushbu muddat Davlat test markazi tomonidan hali belgilanmadi. Lekin bu republikamizdagi boshqa oliy taʼlim muassasalarida o‘tkaziladigan davrda, taxminan 1 avgustdan 10 avgust oralig‘ida bo‘lish ehtimoli bor. Bu haqidagi aniq maʼlumot xalqimizga albatta yetkaziladi.
– Bu yil nomzodlar nechta va qaysi fanlardan test topshiradi?
– Nomzodlar 5 ta umumtaʼlim (3 ta majburiy, 2 ta ixtisoslik) fanlaridan test sinovlari o‘rniga yangi tartibga asosan, faqat 2 ta ixtisoslik umumtaʼlim fanlaridan (matematika va fizika) test topshiradigan bo‘ldi. Bunda ikkala fanga 30 tadan savol berilishi, matematika fanidan bergan har bir to‘g‘ri javobga 3,2 ball, fizika fanidan bergan har bir to‘g‘ri javobga 3,1 ball berilishi belgilandi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, nomzodlarga OHTMlarga kirish uchun to‘plagan ballari yetmagan taqdirda shu ballari bilan test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga mos umumiy 5 ta bakalavriat taʼlim yo‘nalishlaridan biriga kirish imkoniyati berilyapti. Har yili OHTMlarga kira olmagan abituriyentlar boshqa oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun o‘z hujjatlarini OHTMlardan olib, ularni boshqa fuqaroviy oliy taʼlim muassasalariga topshirishlari va ularga kirish uchun alohida test sinovlaridan o‘tishlari talab qilinar edi. Endi esa bunday sarsongarchilikka chek qo‘yildi.
– Yuqorida oliy harbiy taʼlim muassasalariga o‘qishga kira olmagan abituriyentlar yana boshqa 4 ta taʼlim yo‘nalishini tanlashi mumkinligi to‘g‘risida aytdingiz. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi?
– Bu imkoniyatdan foydalanish uchun oliy harbiy taʼlim muassasalarining dastlabki tanlovlaridan o‘tgan va test sinovlarini topshirishga ruxsat berilgan abituriyentlar abitur.dtm.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi zarur. Ro‘yxatdan o‘tishda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga mos 5 ta bakalavriat taʼlim yo‘nalishi, mavjud imtiyozlar va boshqa shaxsiy maʼlumotlar kiritiladi.
Barcha hujjatlar OHTMlarda yig‘ilib, saytga belgilangan maʼlumotlarini kiritgan abituriyentlar ro‘yxati tuziladi va Davlat test markaziga taqdim etiladi. OHTM uchun test topshirgan nomzodlar o‘zi tanlagan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha ham test sinovida qatnashgan hisoblanadi.
– Ushbu soddalashtirilgan tartibning afzalliklari nimalarda ko‘zga tashlanmoqda?
– Qabul jarayoni soddalashtirilgani sababli test imtihonlariga ruxsat berilgan nomzodlar soni 2019 yilga nisbatan ancha ortdi. Misol uchun, 2019 yili davlat test sinovlarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga bir o‘ringa o‘rta hisobda 8,2 nomzod to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, shu kunlarda ushbu bilim yurtiga bir o‘ringa 8,9 nomzod to‘g‘ri kelyapti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida 2019 yili bir o‘ringa 8,1 nomzod to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqobat 23 taga yuqoriladi. Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida bu ko‘rsatkich 17,8 tani tashkil etyapti (2019 yili 8,1 ta edi). Raqobatning o‘sishi OHTMlarga har yilgidan-da bilimli, intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlarni qabul qilish imkoniyatini beradi.
Tibbiy ko‘riklar soni qisqartirilgani va harbiy-kasbiy tanlov tadbirlari bekor qilingani sababli respublikamizda koronavirus infeksiyasi yana-da keng tarqalishi ehtimolining oldi olindi. Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan oliy harbiy taʼlim muassasalariga nomzodlarni saralashning yangi soddalashtirilgan tartibi hozirgi kunda ham amalda aprobatsiyadan o‘tkazilmoqda. 2021 va undan keyingi yillarda ham ushbu tizimni joriy qilish va uni yana-da takomillashtirishni rejalashtiryapmiz. Mazkur qabul tizimi oliy harbiy taʼlim muassasalariga yuqori bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan, dunyoqarashi va ijodiy fikrlash doirasi keng bo‘lgan yoshlarni tanlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti
maxsus muxbiri Dilshod RO‘ZIQULOV yozib oldi