O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida abituriyentlar imtihonlarni qay tartibda topshirishi ma’lum qilindi.
Pandemiya davrida karantin, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etilgan holda test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihonlar 11 iyuldan 20 iyulga qadar, alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 25 iyuldan 10 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi. Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida imtihonlar kasbiy (ijodiy) hamda «kasbiy (ijodiy) + test» yo‘nalishida tashkil etiladi. To‘liq ijodiy imtihon asosida talabalikka qabul qilinadigan yo‘nalishlarda abituriyentlar shu paytga qadar maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlikdan tashqari suzish bo‘yicha ham imtihon topshirib kelishar edi. Joriy yilgi qabul mavsumida abituriyentlar faqat maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha imtihon topshiradi, suzish yo‘nalishi majburiy imtihonlardan olib tashlanadi.
Ijodiy va test imtihonlari (pedagogik ta’lim yo‘nalishi) asosida talabalikka qabul qilinadigan yo‘nalishlarda esa ijodiy imtihonlarning faqat bittasi (maxsus jismoniy tayyorgarlik) saqlab qolinadi va qo‘shimcha test topshiriladi. Bu holatda ijodiy imtihon uchun abituriyentlar maksimal 93 ball, testdan esa 96 ball jamg‘arishi mumkin.
Ma’lumot uchun, abituriyentlar ijodiy imtihonlarni faqat bir kun va uzog‘i bir soat ichida topshirishadi.