Jek Ma: 35 yoshda hanuz kambag‘al bo‘lish – kechirilmas ayb


Xalqaro Alibaba onlayn savdo platformasi asoschisi xitoylik Jek Ma insonning mehnat va harakat evaziga taqdirini o‘zgartira olishining yorqin timsoliga aylangan. KFC kompaniyasidan ish topishga harakat qilgan, o‘qituvchilik yillaridan tortib, 10 yillar davomida kichkina xonada jahonning eng qimmat biznes imperiyalaridan birini yarata olgan janob Jekning bugun har bir tavsiyasi, fikri odamlar uchun qimmatli o‘gitga aylanmoqda.

Jek Maning quyidagi, Xitoy nashrlarida e’lon qilingan hikoyasida hayotdagi imkoniyatlar va ular uchun kurash, maqsad va harakatni puchga chiqaruvchi omillar va 35 yoshda ham nochor yashash insonning o‘zining aybi ekanligi haqida fikr yuritiladi.

"Alibaba kompaniyasiga asos solishimidan bir muddat avval tadbirkorlik bilan shug‘ullanish rejalarimni o‘rtoqlashish va muhokama qilish uchun 24 nafar o‘zimga yaqin do‘stlarimni uyimga taklif qildim. Biz 2 soat mobaynida mendagi rejalar haqida gaplashdik. Shunda ham, do‘stlarimning aksariyati mening g‘oyalarimga shubha bilan qarashayotgan edilar. 24 nafar mehmonlardan 23 tasi xayrlashayotib menga bu rejalardan voz kechishim kerakligini ta’kidlashdi. Buning sababini esa internet haqida hech nima bilmasligim, yana ham buning uchun qo‘limda ortiqcha sarmoya yo‘qligi bilan izohlashdi".

"Ulardan farqli ravishda bankda ishlaydigan birgina do‘stim menga "Chindan ham bu ishni qilging kelayotgan bo‘lsa, bunga urinib ko‘r. Ishlar o‘xshamasa, yana bugungidek amallab kuningni ko‘rarsan", dedi. Tuni bilan o‘zim bilan o‘zim tortishib, tongga yaqin qaror qabul qildim va o‘sha kuniyoq ishga kirishdim".

"Alibaba savdo platformasini yaratishga kirishar ekanman, oila a’zolarim va do‘stlarimning jiddiy qarshiligiga duch keldim. Bugun ortga qarasam shuni anglaymanki, meni o‘sha kezda olg‘a boshlagan kuch Internetning istiqboliga bo‘lgan ishonch emas ekan. Men mag‘lub bo‘lsam ham, omadim chopsa ham, maqsadim yo‘lidagi harakatlarimdan hech bo‘lmaganda qimmatli tajriba va xulosa olish uchun taqdirimni o‘zgartirishga urinib ko‘rgan ekanman. Harakat qilish kerak, agar o‘xshamasa, yana odatdagiday umr kechirishda davom etish mumkin".

"Men doimo T. E. Lourensning "Orzu qilish hammaning ham qo‘lidan keladi, ammo har kim har xil orzu qiladi: kimdir tun qo‘ynida uyqusirab orzu qilib, tongda buning xomxayol ekanini o‘ylab uyg‘onsa, o‘z orzularini kunduz qidirgan uyg‘oq ongli odamlar maqsadlariga erishadilar", degan fikrini misol tariqasida keltiraman".

Jek Maning fikricha, odamlar quyidagi 4 omil sabab hayotda yutqazadilar:

- Imkoniyatlarni ko‘ra olmaslik.

- Imkoniyatlarga baho bera olmaslik.

- O‘z maqsadlarini anglamaslik.

- Osonlik bilan yon berish.

"Siz aniq maqsadingiz yo‘qligi uchun ham, hanuz kambag‘alsiz. Maqsad – hayotni muvaffaqiyatlar bilan yashashning asosi. Shu bois ham uni anglash umrning eng ahamiyatli yutug‘i.

To‘g‘ri, dunyoda aql bovar qilmaydigan narsalar bor, biroq bu dunyoda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Har kimning istiqboli undagi maqsadning ko‘lami bilan bilan o‘lchanadi".

Janob Ma 35 yoshda ham odamning kambag‘al turmush kechirishiga sabab bo‘ladigan omillarni sanab o‘tadi.

“Siz muvaffaqiyat qozonishga intilmaganingiz uchun ham hanuz kambag‘alsiz.

Siz ertani ko‘ra olmaganingiz tufayli bugun ham kechagiday o‘rta hol yashashda davom etyapsiz.

Siz ichingizdagi qo‘rqoqlik ustidan g‘olib kela olmagangiz uchun ham shunday taqdirga munosibsiz.

Siz jur’at va qat’iyatning yo‘qligi tufayli qo‘l uchida yashashda davom etyapsiz.

Maqsad hamda hafsala bilan taqdirning yuqori chegaralarini zabt etib, salohiyatingizni oshirishingiz mumkin!

Maqsad va kuchli ishtiyoq bilan harakatda sobit turish, yangi narsalarni muntazam o‘rganish va mukammallik sari borishingiz mumkin.

Kuchli ishtiyoq qarshingizdagi to‘siqni olib tashlashi, boshqalar jur’at qila olmayotganda sizga mo‘’jizalar yaratishga yordam beradi.

Ota-onangizning kambag‘alligi ahamiyatsiz. O‘z qobiliyatingizga shubha qilmang va maqsaddan chalg‘imang.

Modomiki, o‘z oilang seni keraksiz hisoblar ekan, bu dunyoda hech kim senga achinmaydi.

Ota-onangizda dori-darmon uchun yetarli pul bo‘lmasa, sizga boshqa hech kimning ichi achimaydi.

Raqiblaring senga zarba berishsa, sening holingdan kimningdir joni og‘rimaydi.

Sevgan insoningiz sizni tashlab ketsa, kimdir sizga chin yurakdan achinmaydi.

35 yoshgacha ham biror ishni qoyillatib qo‘ymagan bo‘lsangiz, birov sizga achinmaydi.

Yoki katta maqsad yo‘lida qadamni kattaroq tashlang, yo bo‘lmasa, taqdirga tan bering va o‘zingizni oilaga bag‘ishlang. Aks holda, siz o‘z navqironligingizni havoga behuda sovurayotgan bo‘lasiz".

Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi.