Ingliz tilida gapirishni qanday qilib o’rganish mumkin?


Xorijiy tilni asosan muloqot uchun o’rganishadi. Ingliz tili ayni davrda juda ommalashganini hisobga olsak, ingliz tilida gapirishni o’rganish har qaysi soha vakillari uchun foydali bo’lishi mumkin. Har kim tilni turli usullarda o’rganadi. Barcha uchun bitta qoida amal qilishiga ishonmayman. Xorijiy tilda gapirishni o’rganish haqida gap ketganda esa tilni boshqa maqsadlarda, umumiy o’rganishga nisbatan farqli jihatlarga e’tibor qaratish zarurligini ko’rishimiz qiyin emas. Ushbu maqolada ingliz tilida gapirishni o’rganishingizda yordam berishi mumkin bo’lgan ba’zi shaxsiy sinovimdan o’tgan tavsiyalarni bermoqchiman. Aytib o’tganimdek, bitta qoida barcha uchun amal qilmaydi. Shunday ekan, ingliz tilida gapirishni o’rganishning o’zingizga eng qulay bo’lgan usulini tanlab oling!

Ingliz tilida gapirishni gapirish orqali o’rganing

Xorijiy tilda gapirishni hech qachon yozish yoki o’qish orqali o’rgana olmaysiz. Gapirishni o’rganish yaxshigina amaliyotni talab etadi. Ingliz tilida ko’proq muloqot qilishga harakat qiling. Do’stingiz bilan telefon orqali gaplashganda, kundalik muloqot davomida, dars vaqtida faqat ingliz tilida gapirishga harakat qiling. Ingliz tilida gapiradigan tanishlaringiz kam bo’lsa o’quv kurslarida, ta’lim muassasalarida, yoki ijtimoiy tarmoqlarda Siz kabi ingliz tiliga gapirishni o’rganish ishtiyoqida bo’lganlar bilan tanishishingiz mumkin. Tilni jamoaviy o’rganish ancha oson kechadi.

Ingliz tilida qo’shiq ayting!

O’zingiz yoqtirgan inglizcha qo’shiqlarning matnini internet orqali topish juda oson. Qo’shiq matniga qaragan holda honandaga jo’r bo’lib hirgoya qilishingiz ham mumkin. Bu mashg’ulot Sizga zavq berishi bilan birga ingliz tilidagi so’zlarni to’g’ri talaffuz qilishingizda, gapirish tezligingizni oshirishda yordam berishi mumkin.

Ingliz tilida gapirish bo’yicha darslarda qatnashing

Hozirgi vaqtda deyarli barcha shaharlarning kutubxonalarida, oliy ta’lim muassasalarida va yoshlar makzalarida ingliz tili klublari bor. Guruhlarga a’zo bo’lgan holda ingliz tiliga qiziquvchilar bilan jonli muloqotlarda, muhokamalarda qatnashishingiz mumkin. Ingliz tilida gapirishni Jonli Ingliz Tili Darslari kabi ko’plab online platformalarda uyingizdan chiqmagan holda ham o’rganish mumkin.

Oson gapirish texnikalarini o’rganing

Har bir xorijiy tilda o’ziga xos gapirish texnikasi bo’ladi. Tildagi o’ziga xos ruh, faqat shu tilgagina hos bo’lgan jihatlarni o’rganib olish oson bo’lmasligi mumkin, ammo yaxshiroq harakat qilsangiz hamma narsaning imkonini topish mumkin. Avval ko’rmagan bo’lsangiz, «10 kun ichida ingliz tilida gapirishni o’rganish«, deb nomlangan video darslar seriyasini ko’rib chiqing. Bu kabi gapirishni o’rganish jarayonini osonlashtiradigan darslarni internetda ko’plab uchratish mumkin.

Ingliz tilida gapirish juda oson. Agar Siz bu tilda gapirishga qiynalayotgan bo’lsangiz, bu qiyinchilik faqat vaqtincha ekanligini unutmang! Tilda gapirishni, harakat qilishni kuchaytirsangiz tez orada ingliz tilida aniq va ravon gapiradigan bo’la olasiz.


Manba: azamat.uz