IIV akademiyasiga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish tartibi o‘zgardi


2022/2023-o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi taʼlim bakalavriatiga respublikamizning barcha hududlaridagi o‘rta umumtaʼlim maktablari bitiruvchilari hamda o‘rta maxsus maʼlumotga ega talabgorlar qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-27-son farmoniga binoan, nomzodlarni qabul qilishda umumiy kvotaning 10 foizi o‘rta umumtaʼlim maktablari bitiruvchilari hamda o‘rta maxsus maʼlumotga ega fuqarolarga, 90 foizi idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari hamda profilaktika (katta) inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilariga, ajratiladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, nomzodlarning yoshi 17 dan kichik va 25 dan katta bo‘lmasligi, yigitlarning bo‘y-basti 165 santimetrdan, qizlarlarniki 160 sm.dan past bo‘lmasligi shart.

IIV Akademiyasiga o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar doimiy yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari mumkin. Meʼyoriy hujjatlar talablari asosida arizalarni qabul qilish joriy yilning 15 noyabridan boshlangan bo‘lib, 2022 yilning 15 fevraliga qadar davom etadi.