Homeschooling nima?


YouTube’da yosh o’zbek oilasi tomonidan juda foydali kanal ochilgan. Nomi – Our Uzbek Homeschool. Kanal nima haqida ekanligi haqida yaxshiroq tasavvurga ega bo’lish uchun qisqa video lavhani bu yerda tamosha qilishingiz mumkin – Uy ta’limi haqida intro – #1. Video lavhalarda asosiy qahramonlar bu Sofia va Maryam. Ularning ota-onasi Abdulaziz va Umida esa ularga o’qitishning turli usullaridan foydalanib ta’lim berayotganlarini ko’rish mumkin. Umida va Abdulazizga blogim kuzatuvchilari uchun homeschooling haqida yaxshiroq ma’lumot berishlari uchun bir necha savol bilan murojaat qildim. Quyida ularning javobi bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

1. Homeschooling nima?

Homeschooling, farzandga uy sharoitida ta’lim berishni anglatadi. Farzandga ta’lim maktab yoki bog’chada emas, balki uyda ota-ona tomonidan beriladi. Bunda ota-ona ham davlat, ham maktab direktori, ham o’qituvchi vazifasini o’taydi. O’quv dasturini o’zi mustaqil ishlab chiqadi. Asosiy maqsad, farzandga hech qanday majburiy ta’lim tizimiga bo’ysunmagan holda ta’lim berishdan iborat.

2. Siz nimaga homeschooling’ni tanladingiz?

Homeschooling’ni tanlashimizning asosiy sababi farzandlarimizni dinimiz va sharqona madaniyatimizga mos ravishda tarbiyalash. Bunda din va madaniyatimizga to’g’ri kelmaydigan har-xil falsafiy fikrlardan saqlash imkonimiz bo’ladi. Shu bilan birga, har-bir bolamizni o’qitishga mos bo’lgan individual yondashuvni tanlab, darslarni ham shunga ko’ra taqdim etish mumkin. Ajdodlarimizning ta’lim olishi ham asosan uyda, ota-onasi orqali boshlangan. Bundan tashqari, bola va ota-onaning imkoni boricha ko’proq birga vaqt kechirishi oiladagi mehr-oqibat va inoqlikni ham kuchaytiradi. Yana bir afzalligi shundaki, kichkina bolakay ertalabdan uyquga to’ymasdan majburiy uyg’otilmaydi, sovuq qishdayam qaltirab ko’chada avtobus kutib o’tirmaydi, vaqti tejaladi va albatta doimo erkin bo’ladi.

3. Mahalliy maktablar aynan qaysi jihati bilan farzand katta qilish uchun sizga ma’qul kelmadi?

Men o’zim maktabda o’qituvchi bo’lib ishlaganman va shundan yaxshi bilamanki, Amerika va Yevropa maktablarida bolaning tarbiyasiga salbiy ta’sir qiladigan juda ko’p noo’rin darslar bor. Ya’ni, bog’cha va maktablarda ota-ona va farzandlar o’rtasiga nifoq tushiradigan g’oyalar o’qitiladi, va natijada, farzand o’z ota-onasiga ishonchsizlik bilan qaray boshlaydi, o’zaro ishonch va mehr-muhabbat kamayadi. Masalan, birov sizning oldingizga kelib, shu xonadoshingdan ehtiyot bo’l desa, shu do’stingizdan shubhalana boshlaysiz. Xuddi shunday, bolaga ham ota-onasi haqida shu kabi fikrlar singdirilsa, ulardan shubhalanib qolishi turgan gap. Albatta, ba’zan har bir bola davlat himoyasi ostida bo’lishi kerak. Lekin, bolaning eng birinchi himoyasi ota-onasidir. Agar ota-ona va yoki bolaga qarovchi boshqa biron shaxs bolani qiynoqqa solsa, unga jismonan yoki psixologik zulm qilsa, albatta bola himoya qilinishi va o’sha shaxslar jazolanishi shart. Lekin, maktablarda o’quvchilarga ota-onasi ularga yoqmaydigan muomala qilganda qo’ng’iroq qilishlari mumkin bo’lgan telefon raqamlari berilgan (National Childabuse Hotline). Farzand mazkur telefon raqamiga qo’ng’iroq qilishi ba’zi holatlarda ota-onaga nisbatan nohaqlikka sabab bo’lmoqda. Masalan farzandga, ayniqsa balog’at yoshida bo’lsa, ba’zan sal qattiqroq turish kerak bo’ladi. Ota-ona farzandlarini yomonlardan himoya qilish uchun koyishi mumkin. Ammo, mazkur holatda ota-ona farzand shikoyati tufayli hukumat tomonidan so’roqqa tutilishi va/yoki bir necha kunga hibsga olinishi ham mumkin. Bu muassasa xodimlari isbot talab qilmaydi. Bolaning jahl yo araz ustida aytgan bir og’iz noo’rin va yoki yolg’on gapini ham asos qilib olib, uning ota-onasiga qarshi biron savol-so’roqsiz turli ma’muriy yoki jinoiy choralar ko’rilishiga sabab bo’lishi mumkin. Bunaqa nohaq holatlarning bir necha bor guvohi bo’lganman.

Bundan tashqari, maktablarda bola immigrant va musulmon oiladan bo’lganligi sababli uni chiqishtirmaslik, ustidan kulish, va bola psixologiyasiga salbiy ta’sir qiladigan boshqa holatlar ko’p sodir bo’ladi (Amerikada bunga “bullying" deyiladi). Qolaversa, bolaning tarbiyasi va axloqini buzadigan holatlar maktablarda, ayniqsa yuqori sinflarda, ko’p uchraydi. Amerikada farzand katta qilayotgan ota-onalar bu holatlar nimadan iborat ekanligini yaxshi bilishadi.

4. Homeschooling asosan uy sharoitida amalga oshirilgani tufayli, farzandlar boshqa tengqurlarini kam ko’radi, ular bilan munosabatda bo’lmaydi. Bu farzandning odamovi, boshqalar bilan yaxshi chiqisha olmaydigan bo’lib katta bo’lishiga sabab bo’lmaydimi?

Homeschooling degani faqat uyda, yolg’iz o’tirib dars qilish degani emas. Aksincha, ko’p hollarda homeschooling’dan foydalanayotgan oila farzandi boshqalar bilan yaxshi chiqishadi. Chunki, uy ta’limidagi bolalarda katta-kichik sayohatlar, turli to’garaklarga, sportlarga qatnashish, boshqa uyda ta’lim oladigan bolalar bilan uchrashuvlar tez-tez bo’lib turadi. Shu sababli ular boshqalar bilan chiqishish jihatidan hatto ustun ham turishadi. Maktablardagi bolalar ko’p hollarda tengdoshlarning bir-biriga bo’lgan bosimi (peer pressure) yoki zo’ravonligi (bullying) tufayli aksincha yopilib, hadiksiraydigan va odamovi bo’lib qolishi mumkin.

5. Homeschooling bilan bog’liq eng asosiy qiyinchiliklar nimadan iborat?

Ba’zan bolalar hamma narsani birdan va tez bilgisi keladi, o’rganishga bo’lgan istagi yuqori bo’ladi. Masalan, odatda biz dars uchun belgilangan kunlik vaqtimiz va materiallarimiz bor. Lekin, dars jarayoni va materiallarning qiziqligi, turlicha bo’lgani uchun ko’p hollarda qizimiz bu bilan chegaralangisi kelmaydi, u bilan yana uzoqroq shug’ullanishimizni xohlaydi. Biz esa, bolaga og’irlik qilmasin deb chegaramizda turishga harakat qilamiz. U yana talab qilishda davom etadi va agar qilmasak, xarxasha qiladi. Shu tarafdan ba’zan sal qiynalamiz.

6. Homeschooling bilan bog’liq eng asosiy ustunliklar nimadan iborat?

Eng asosiy ustunlik bu aksariyat hollarda farzand belgilangan ta’lim dasturini 1.5-2 baravar tezroq bitiradi. Masalan, maktab programmasi odatda 12 yilda bitsa, homeschoolingda shu dasturni 8-9 yilda bitirsa bo’ladi. Yana, darslarni uydayam, ko’chadaym, yo’ldayam qilib ketaverish mumkin. Ta’lim berish joyi, vaqti, baholash uslubi, va darslarni tanlash kabi masalalarda har kim o’zi erkin ravishda qaror beradi. Bola bolaligicha qoladi – istagan vaqti istalgancha to’yib o’ynaydi, maktabda bo’lgani kabi kun bo’yi parta orqasida o’tirmaydi. Ta’til va sayohatlar uchun har vaqt qulay.

7. Homeshooling qanday oilalar uchun ma’qul keladi deb o’ylaysiz?

Homeschooling asosan oila a’zolaridan biri uyda bolalar bilan qoladigan oilalarga juda mos keladi. Sababi shundaki, kimdir bolalar bilan har doim uyda bo’lishi kerak. Ko’p hollarda bu vazifani ona bajaradi. Lekin, almashib ishlaydigan ota-onalar orasida ham homeschooling ko’p uchraydi.

8. Homeschooling’ni boshlamoqchi bo’lgan oila uchun bir yillik harajat taxminan necha pul? Qaysi ta’lim dasturlarini tavsiya qilasiz?

Ketadigan harajat bolani qaysi yoshdan boshlab homeschooling asosida o’qitishga bog’liq. Odatda, 1-sinfgacha bo’lgan bolalar uchun, ya’ni Preschool, PreK, Kindergarten bosqichlari, unchalik ko’p harajat ketmaydi va universal bir ta’lim dasturi yo’q. Deyarli hamma narsa erkin. Muhimi, bolaga ilk asosiy bilimlar berilishi kerak. Darsliklarni doim ham yangi olish shart emas. Ko’p fikrlarni Pinterest, Instagram, YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlardan olsa bo’ladi; ashyo va darsliklarni Dollar Store, Michael’s, Halfprice Books, Amazon, Teacherspayteachers veb sahifalaridan olish mumkin. Kutubxonalarda ham resurslar talaygina. Montessori usulidagi ko’pgina qiziqarli mashg’ulotlarni uy sharoitida ham oson yasab olish mumkin. Shularga qarab, kichik yoshdagi bolalarga yiliga taxminan 200-500$ sarflanishi mumkin.

Ta’lim dasturlarini tanlashdan oldin qaysi usulda ta’lim berishni tanlab olish kerak. Masalan, quyidagi video lavhada homeschoolingning keng tarqalgan ba’zi usullar haqida fikr bildirganmiz. Biz o’zimiz Tanlov usulida o’qitamiz, ya’ni har bitta dars yo mavzuga qarab har-xil usulni qo’llaymiz: ko’proq Montessori, Elon Musk, Klassik va unschooling usullaridan foydalanamiz.

9. Nazarimda homeschool samarali bo’lishi uchun ham ota-ona, ham farzandlar reja asosida ishlashlari kerak. Shundaymi?

Ha, albatta, hamma ishda kerak bo’lgandek, homeschooling ko’zlangan natijani berishi va samarali bo’lishi uchun reja asosida dars o’tish kerak. Reja yozma ko’rinishda va kamida 1-2 hafta oldin tayyorlab qo’yilsa ota-onaga ham qo’l keladi. Masalan, tayyor rejalashtirish daftarchalari foydalanish mumkin.

Ta’lim rejasi bolaga nimani, qachon, qanday o’rgatishni aniqlashtirib olish va shularga asosan bolaning o’zlashtirishini kuzatib borish uchun juda kerak bu. Har bir homeschooling’ni boshlamoqchi bo’lgan ota-ona birinchi bo’lib o’z shtati ta’lim qonun-qoidalari bilan yaxshi tanishib olishi shart. Yo’q, bu hech ham qiyin emas.

10. Uy sharoitida ta’lim berishdan tashqari farzandlaringiz uchun yana nima qilasiz (extracurricular activities)?

Biz deyarli har bir o’qitilayotgan mavzu asosida qiziqarli qo’shimcha mashg’ulotlar bilan to’ldirib, mustahkamlab boramiz. Masalan, shu mavzuga bag’ishlangan mehnat-hunar soatlari, o’yinlar, muzey va shu kabi joylarga sayohatlar, qiziqarli to’garaklarga qatnashishlarni tashkil qilamiz.

11. O’zbekistondagi ta’lim tizimi ham inqirozga yuz tutgan. Nima deb o’ylaysiz, homeschool vaqtinchalik yechim bo’la oladimi?

O’zbekistonda ham yaxshi ta’lim muassasalari va yaxshi o’qituvchilar bor. Balki, yetarli darajada emasdir. Lekin, kelajakda ularning soni ko’payishiga umid qilamiz. Agar O’zbekistondagi qonunchiligimiz bunga ruxsat bersa, homeschooling yaxshi muqobil ta’lim tizimi bo’lishi mumkin. Va, albatta, homeschooling muvaffaqiyatli bo’lishi uchun ota-ona, va yoki bolaning o’qishi bilan shug’ullanuvchi shaxsga juda bog’liq. O’zbekistonda ham moliyaviy imkoni borlar repetitor xizmatidan foydalanishadi ko’pincha. Bu ham homeschoolingning bir ko’rinishi.

12. O’zbekistonda homeschooling qilmoqchi bo’lgan oilalarga nima maslahat berasiz?

O’zbekistondagi ta’lim qonunlaridan unchalik xabarim yo’q. Lekin, masalan, kamida maktab yoshigacha bo’lgan bolalarga uyda istagancha boshlang’ich bilimlarni sekin-sekin berib borish mumkin. Agar bola maktabga chiqquncha hech bo’lmaganda eng asosiy narsalarni o’rganib olsa, maktabga chiqqanda ham o’zlashtirishi tengqurlarinikiga nisbatan ancha ilgariroq bo’lishi tabiiy.

Manba: UZBEK IMMIGRANT