Tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.
Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik natijalari uchun ballarni hisoblash
Muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik natijalari bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari ularga o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash orqali aniqlanadi.
Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik jurnallarida qayd qilingan baholar o‘quv fanlarining qo‘yilgan bahoning oylik yoki yillik (yakuniy) o‘rtacha ko‘rsatkichi hisoblab chiqariladi.
Bunda, barcha o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholar yig‘indisi o‘tilgan o‘quv fanlarining soniga bo‘linadi. Masalan, agar muddatli harbiy xizmatchi oy davomida otish tayyorgarligi mashg‘ulotlarida 4 baho, taktik tayyorgarlik mashg‘ulotlarida 5 baho, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida 4 baho olgan bo‘lsa, o‘rtacha ko‘rsatkich quyidagicha hisoblanadi: 4+5+4=13; 13:3=4,3.
O‘quv yili yakunida test sinovlari o‘tkazilishidan oldin harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatida bo‘lgan hamda o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholarning yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi 4,0 dan yuqori bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarga ball beriladi.
Bunda, o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholarning yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi 4,0 dan yuqori bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarga quyidagi tartibda ball beriladi:
4,0 dan 4,3 gacha — 10 ball;
4,4 dan 4,7 gacha — 15 ball;
4,8 dan 5,0 gacha — 20 ball.
O‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholarning yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi 4,0 dan past bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchiga ball berilmaydi.
Namunali harbiy intizom uchun ballarni hisoblash
Har bir harbiy qismdagi harbiy intizom holati xolisona qayd etib borilishi zarur. Agar muddatli harbiy xizmatchi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomida ko‘zda tutilgan tartibda namunali harbiy intizom uchun rag‘batlantirilsa (oldin berilgan intizomiy ta’zirni bekor qilish hollari bundan mustasno), harbiy qism komandiri tomonidan unga qo‘shimcha 10 ball qo‘yiladi.
Muddatli harbiy xizmat davomida necha marta rag‘batlantirilganidan qat’i nazar, muddatli harbiy xizmatchilarga namunali harbiy intizomi uchun 10 balldan ortiq ball qo‘yilmaydi.
Test sinovlarini o‘tkazish
Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirganligini yakuniy baholash, shuningdek ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (bundan buyon matnda DTM deb yuritiladi) tomonidan har bir harbiy qismda test sinovlari o‘tkaziladi. Test sinovlariga barcha muddatli harbiy xizmatchilar kiritiladi.
Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta bo‘lib, ularning 40 tasi — jangovar tayyorgarlik, 20 tasi — ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, 10 tasi — matematika fani, 10 tasi — fizika fani bo‘yicha test savollaridan, shuningdek qolgan 20 tasi — mantiqiy test savollaridan iborat bo‘ladi.
Har bir to‘g‘ri javob uchun: jangovar tayyorgarlik bo‘yicha — 1,2 ball, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha — 1,1 ball, matematika bo‘yicha — 1 ball, fizika bo‘yicha — 1 ball, mantiqiy savollar bo‘yicha — 1 ball beriladi.
Test sinovlarini o‘tkazishning umumiy vaqti 3 soatni tashkil etadi. Bunda, test sinovi uchun 2 soat 30 daqiqa, javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 daqiqa ajratiladi.
DTMdan test sinovlarining natijalari haqida rasmiy ma’lumotlar olinganidan so‘ng, har bir harbiy qismda test sinovlarining natijalari va muddatli harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat mobaynida to‘plagan ballari ko‘rsatilgan Yakuniy jadval tuziladi.
Tavsiyanomalarni berish
Tavsiyanoma berish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni qabul qilish maqsadida guruh (bo‘linma), batalon, vzvod komandirlari, shuningdek harbiy qism komandiri va uning o‘rinbosarlari hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirokida yakuniy yig‘ilish o‘tkaziladi. Yakuniy yig‘ilish davomida har bir muddatli harbiy xizmatchining xizmat faoliyati baholanadi, test sinovlarining natijalari, namunali harbiy intizomi va o‘quv fanlaridan qo‘yilgan yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi uchun berilgan ballarining (agar mavjud bo‘lsa) umumiy yig‘indisi jamlanadi hamda muddatli harbiy xizmatchilarga e’lon qilinadi. Yakuniy yig‘ilish natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlanadi.
Beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatida bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40 foizidan oshmasligi kerak, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.
Bir nechta harbiy xizmatchilar teng miqdorda ball to‘plashi natijasida 40 foizli cheklovga amal qilishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ballarning pasayib borish tartibi bo‘yicha cheklov doirasiga kirishi lozim bo‘lgan oxirgi muddatli harbiy xizmatchi bilan teng miqdorda ball to‘plagan harbiy xizmatchilarning barchasiga tavsiyanoma berilishi lozim.
Xizmat mobaynida Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchilar test sinovlarining natijalaridan qat’i nazar tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi.
Tavsiyanoma blankasining namunaviy shakli
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladi:
Oliy taʼlim muassasalariga (harbiy taʼlim muassasalari bundan mustasno) kiruvchilar uchun qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha ravishda alohida qabul ko‘rsatkichlari belgilanadi.
- Alohida qabul ko‘rsatkichlari har bir oliy taʼlim muassasasining har bir taʼlim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi) bo‘yicha belgilanadi.
- Tavsiyanomaga ega abituriyentlar alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etib, oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
- Alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etib o‘qishga kira olmagan abituriyentlar, umumiy tanlovda ishtirok etib o‘qishga kirishi mumkin bo‘ladi.
Oliy harbiy taʼlim muassasalari uchun esa abituriyentlarga to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi (misol uchun, abituriyent test sinovida 120 ball to‘plasa, unga 60 ball qo‘shib beriladi).
Tavsiyanomaning amal qilish muddati uch yil.