Prezident Shavkat Mirziyoyev olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ilm-fan sohasidagi eng muhim vazifalar muhokama qilindi.
2020 yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinib, bu boradagi ustuvor maqsadlar belgilandi. Yurtimizda avvaldan shakllangan ilmiy maktablar salohiyatini hisobga olib, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, bu yil matematika, kimyo, biologiya, geologiya fan va sohalarini rivojlantirish tanlab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishga oid qarorining ijrosi doirasida poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining Matematika instituti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino barpo etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bugungi uchrashuvda matematikada ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bog‘lash, raqamli iqtisodiyot uchun mustahkam poydevor yaratish borasidagi dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Yoshlarda matematika faniga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli bolalarni seleksiya qilib, ixtisoslashtirilgan maktablar va keyinchalik oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish kerakligi ta’kidlandi. Bolalar uchun mazkur fandan oddiy va tushunarli tilda yozilgan ommabop darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratish, matematik ongni, kerak bo‘lsa, bog‘chadan boshlab shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Har bir tuman markazida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktab tashkil qilib, ularda ishlaydigan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haqlar to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ushbu muassasalarda o‘quv jarayonni ilmiy-metodik ta’minlash uchun Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda Xalq ta’limi vazirligi mas’ul etib belgilandi.