Hackathon ishtirokchi dasturchilar shunchaki tomoshabin sifatida qatnashuvchilar uchun juda qiziqarli tadbir hisoblanadi. Bu turdagi tadbir odatda bir yoki bir nechta katta tashkilotlar tomonidan uyushtiriladi. Unda 4-6 ta a’zodan iborat bir nechta jamoalar qatnashishadi. Odatda 24 soatdan 72 soatgacha oraliqda davom etadigan hackathon tadbirlari g’oliblarni taqdirlash, xulosalarni umumlashtirish va bir olam taasurotlar bilan yakun topadi.
Etimologiyasiga e’tibor qaratsak, «hackathon» so’zi ingliz tilidagi «hack» va «marathon» so’zlarining qo’shilishidan hosil bo’lgan. Umumiy mazmunni so’zning o’zi aytib turibdi: ma’lum bir masalani qisqa muddat ichida tez hal qilish kerak. Hack – bu masalaga eng optimal, oson va tez yechim topishdir.
Hackathon qanday o’tkaziladi?
Hackathonlarda dasturchilardan tuzilgan o’zaro raqib jamolarga real hayotdagi muammolarni hal qiladigan, muammolarga yechim topadigan dasturni yaratish vazifasi qo’yiladi. Masalan, sog’likni saqlash sohasida shifokorlar qabuliga kirish navbatini avtomatlashtirish. Yoki, maktablarda ta’lim sifatini nazorat qilishning avtomatik yechimlarini taklif etish.
Dasturchilar qaysi texnologiyalardan foydalanib yechim izlashlari tashkilotchilar tomonidan ma’lum qoida asosida belgilab beriladi, yoki jamoalarning o’zlariga havola etiladi. Qaysidir jamoa masalaga yechimni web sayt ko’rinishida taklif etishi mumkin. Yana qaysidiri mobil ilova ko’rinishida yechim taklif qiladi. Boshqalari esa kompyuterga o’rnatiladigan dastur shaklida o’z takliflarini berishadi.
Belgilangan vaqtdan so’ng jamoalarning ishlari turli me’zonlar asosida baholanadi; dizayn, tezkorlik, xavfsizlik, zamonaviylik va qulaylik. Hackaton shartlariga binoan jamoalar tomonidan tayyorlangan dasturlar real dunyo holatlarida sinovdan o’tkazilishi ham mumkin.
Tadbir yakunida tashkilotchilar jamoalarni taqdirlashadi. Odatda g’olib jamoa boshqalariga nisbatan kattaroq ustunlik bilan rag’batlantiriladi.
Bunday tadbirlardan kimga foyda?
Tijoratlar uchun avtomatlashtirish va axborot texnologiyalaridan samarali foydalana olish ko’proq daromad qilishning birinchi sharti hisoblanadi. Hackathonga o’xshash tadbirlar uyushtirish va mahalliy sharoitda eng kuchli dasturchilardan jamolar tuzib, davlatning eng zo’r miyalarini bir joyga jamlash orqali ular o’zlaridagi biznes muammolarni bir necha variantli yechimlar bilan hal qilib ko’rishga urinishadi. Oddiy musobaqadan farqli ravishda, bir necha kun ichida tayyorlangan dasturlar tijoratlar uchun tayyor prototip vazifasini ham bajarishi mumkin. Ma’qul bo’lsa, keyinchalik tashkilotchilar tajribalardan kelib chiqqan holda o’zlariga mukammal dastur yaratishlari mumkin.
Dasturchilarni virtual olamdan bir zumga bo’lsa ham chiqib, o’zaro fikr almashish va hamkorlik qilishga undaydigan, jamiyat tuzishga turtki bo’ladigan bu kabi tadbirlar har doim ijobiy baholanadi. Agar siz ham dasturchi bo’lsangiz va hozirgacha hackathon tadbirlarida qatnashib ko’rmagan bo’lsangiz, yaqin kelajakda albatta ishtirok etishga urinib ko’ring. Yaqinda Ucell kompaniyasi aynan shunday tadbirlardan birini uyushtirdi.
Dasturchilar uchun mo’ljallangan ajoyib tabdirlardan vaqtida xabardor bo’lish uchun UzGeeks e’lonlarini kuzatib boring.
Manba: azamat.uz