O‘zbekistonda davlat granti asosida kadrlar tayyorlash parametrlari oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida tanlov o‘tkazish yo‘li bilan taqsimlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida aytilgan, deb yozadi kun.uz.
Qayd etilishicha, grant asosida kadrlar tayyorlash parametrlarini bosqichma-bosqich oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida tanlov o‘tkazish yo‘li bilan taqsimlash mexanizmlari joriy etiladi.
Shuningdek, individual ta'lim trayektoriyalariga asoslangan, talabalarda kreativ fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv rejalar ishlab chiqish orqali talabalar qiziqishlari hamda kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlariga muvofiq ta'lim dasturlarini shakllantirish, ularni tasdiqlash bo‘yicha oliy ta'lim muassasalariga bosqichma-bosqich akademik mustaqillik berish mo‘ljallanmoqda.
Mustaqil ta'lim soatlari ulushini oshirish, talabalarda mustaqil ta'lim olish, tanqidiy va ijodiy fikrlash, tizimli tahlil qilish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quv jarayonida kompetensiyalarni kuchaytirishga qaratilgan metodika va texnologiyalarni joriy etish, o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, bu borada o‘quv jarayoniga xalqaro ta'lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, talabalar bilimini baholash tizimi texnologiyalarini takomillashtirib borish va xolisonaligini ta'minlash, jumladan baholashning talabalar bilan bevosita aloqasiz shakllarini rivojlantirib borish, fanlarni o‘zlashtirishda talabalar orasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilyapti.