“O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, maktablar, OTMlar kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan, shu jumladan, milliy sport turlariga ixtisoslashtiriladi.
2020 yil 1 fevraldan:
– Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilar byudjetdan moliyalashtiriladigan OTMlarga (tibbiyot yo‘nalishidan tashqari) qo‘shimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;
MAVZUGA DOIR: Olimpiya sport turlari bo‘yicha chempion talabalarni tayyorlagan o‘qituvchilarga ilmiy unvon beriladi
“Bolalar sport o‘yinlari"ning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha respublika bosqichi:
– g‘oliblariga (1-o‘rin) OTMlarga kirish imtihonlarida soha bo‘yicha mutaxassislik fanidan maksimal ball olish huquqini beruvchi, 3 yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;
– g‘olib va sovrindorlarni (1-3 o‘rin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari 1-o‘rin uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining – 6 baravari, 2-o‘rin uchun – 4 baravari, 3-o‘rin uchun – 3 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi;
– maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasining g‘olib va sovrindorlarini (1-3 o‘rin) tayyorlagan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va sport ta’lim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmasdan, ularga tegishli malaka toifalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi;
– olimpiya sport turlari bo‘yicha respublika (1-o‘rin) va xalqaro musobaqalarda g‘olib chiqqan OTM talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi kafedralar o‘qituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlar (dotsent, professor) to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.