Shu yilning 25-martidan chet tilini bilish va egallash darajasini baholash (CEFR) uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi. Talabgorlar nsfla.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. CEFR imtihonlari aprel-may oylarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, deb yozadi Minbar.uz.
- Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi ayni paytda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
- Qaror loyihasida chet tili fani birinchi (asosiy) fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida kirish imtihonlaridan imtiyoz belgilanishi uchun B2 daraja talab etilishi taklif qilingan.
- Test sinovlarini odilona va shaffof o‘tkazish maqsadida barcha talabgorlar hujjatlarini shaxsan topshirishi hamda barmoq izlarini skanerdan o‘tkazishi talab etiladi.
- Hujjatlar Toshkent shahri va viloyatida bevosita Davlat test markazida hamda Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalarda qabul qilinadi. Hududiy bo‘linmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar talabgorning shaxsiy kabinetida ma’lum qilingan.
O‘zbekistonda ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibi joriy qilinadi.
Ingliz tilini CEFR mezoniga ko‘ra bilish A, A1, A2, B, B1, B2, C, C1, C2 darajalariga bo‘linadi. Ingliz tilini B2 darajasida biladigan shaxs inglizcha matnlarning umumiy mazmunini tushunadi, shu jumladan, mutaxassislikka oid mavzularda matnlarni chet tili ona tili bo‘lgan shaxs bilan muloqotda ikkala tomon uchun ham qiyinchilik tug‘dirmaydigan darajada tez gaplasha oladi, turli mavzularda aniq, atroflicha ma’ruza qila oladi, asosiy muammoga bo‘lgan o‘z fikrini bayon eta oladi, turli fikrlarning afzalliklari va kamchiliklarini ko‘rsata oladi.