Dolzarb: Korrupsiya oliy ta’lim tizimini yemirmoqda


Oliy ta’lim tizimini uzoq vaqtdan beri ichdan yemirayotgan xastaliklar bor. Shulardan biri — o‘quv semestrlari yakunidagi tamagirlik, korrupsiya holatlari. Bu haqda marifat.uz manbasida maqola berildi.

“5"ning narxi qancha?

Bir tanishim maoshdan uzish sharti bilan mo‘maygina qarz ko‘tardi. Sababini so‘rasam, oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan ukasining semestr baholarini olishi uchun zarur ekan. Uning aytishicha, naqd bir oylik maoshiga teng summa bor-yo‘g‘i 4-5 ta fanni “yopish"ga yetarkan. Tanishimning ukasi bilan suhbat esa quyidagicha bo‘ldi:

— Hamma o‘qituvchilar “oladi"mi?

— Yo‘q, “olmaydiganlar"i ham bor.

— Bitta fan uchun qancha berasizlar?

— “Stavka"siga qarab.

— Masalan...

— Agar semestrni “3"ga tamomlayotgan bo‘lsangiz, “4" va “5"ga “yopayotgan"lardan kamroq berasiz. O‘rtada 100—200 ming so‘mgacha farq bor.

— Ochiqdan-ochiq so‘rashadimi?

— Yo‘q, guruh sardorlari orqali...

Afsus... Bu holat faqat o‘sha tanishim, uning ukasi va u o‘qiyotgan muassasada bo‘lganida edi, ehtimol, uni og‘ir xastalikka qiyoslamasdik.

O‘qigan ham, o‘qimagan ham — barobar

Oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan ayrim talabalar dastlab yuqori kursdagilardan muhim bir ma’lumotni surishtirib, aniqlashtirib oladi: semestr yakunida qaysi o‘qituvchi “oladi", qaysisi esa yo‘q. Keyin o‘qish davomida shu “tavsiyalar" asosida ish ko‘riladi.

— Ba’zi o‘qituvchilar uchun semestr davomida kimning qanday o‘qigani, darslardagi ishtiroki ahamiyatsiz, — deydi poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan birining bitiruvchi kurs talabasi. — Ayniqsa, nomutaxassislik fanlaridan dars o‘tuvchi o‘qituvchilar o‘qigandan ham, o‘qimagandan ham undirishga urinadi. Misol uchun, biz aniq fanlar yo‘nalishidagi fakultetda o‘qiymiz. Lekin dars jadvalimizga gumanitar fanlar ham kiritilgan. Bu fanlardan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga urinsakda, yakunda bahoni belgilangan “stavka"lar hal qiladi.

Bugun o‘qituvchining mavqeyini oshirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar qilinayotgani hech kimga sir emas. Biroq talabaning cho‘ntagiga ko‘z olaytirgan, undan manfaat ko‘rish istagida turli nag‘malarni o‘ylab topayotgan pedagogning talabalar oldida qanday obro‘si, hurmati bo‘ladi?! Biror o‘qituvchi haqida gap ketganda, ortidan “E, qo‘ysangchi uni, uning bahosi... so‘m..." degan so‘zlar aytilishini o‘sha domlaning o‘zi bilarmikan?

Talabalar ham “oppoq" emas

Semestr yakunidagi korrupsiya holatida faqat o‘qituvchilarni ayblash fikridan yiroqmiz. Masalaning boshqa tomoni ham bor.

— Semestr tugashi arafasida ayrim talabalar “Domla, xizmat bo‘lsa, aytavering, biz tayyormiz", “Bahoni yaxshilashning biror yo‘li yo‘qmi? Kelishaylik", deb keladi, — deydi oliy ta’lim muassasalaridan birining ismi oshkor bo‘lishini istamagan o‘qituvchisi. — Na tortinish, na uyat bor ularda. Ba’zilari semestr davomida darsga umuman qatnashmagan, hatto fan bo‘yicha daftari yo‘q. Qo‘shimcha topshiriq beray, desangiz, bajarishga hafsalasi yo‘q. Ularni qayta topshirishga qoldirishni xohlasamda, afsuski, ko‘pincha bahosini olib ketadi.

— Siz baho qo‘ymasangiz, unda qanday oladi? — deyman suhbatdoshimga hayrat bilan tikilib.

— Men qo‘ymagach, ular kafedra mudiriga yoki boshqa rahbarlarga murojaat qiladi. Xullas, yo‘li topiladi. Ayrim talabalar “yuqori"da ishlaydigan tanish-bilishlarining “iltimosi" orqali baho oladi.

Manba: Xalq so‘i