2023 yilda kirish imtihonlarida ishtirok etgan abituriyentlarning 303 mingdan ortig‘i umumta’lim maktablari bitiruvchilaridir. Ularning 95497 nafari test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talaba bo‘lgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda kirish imtihonlarida ishtirok etgan abituriyentlarning 303 mingdan ortig‘i umumta’lim maktablarining joriy o‘quv yilgi bitiruvchilaridir. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ma’lum qildi.
Ushbu bitiruvchilarning 95497 nafari joriy test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talaba bo‘lgan.
«Aslida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar bundan ham ko‘p, har yili o‘rtacha 10-15 foiz (44 ming nafar) bitiruvchi nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lmoqda. Shu bois ayrim bitiruvchilar xususiy va xorijiy muassasalarga kirgan va test sinovlarida ishtirok etmagan», deb yozdi u.
Qayd qilinishicha, oliy ta’lim muassasalariga kirgan bitiruvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda. Xususan, 2021 yilga nisbatan oliy ta’lim muassasalariga kirgan bitiruvchilar soni 14019 nafarga, 2022 yilga nisbatan esa 9 628 nafarga ortgan (2021 yil 81478 nafar, 2022 yilda 85869 nafar bitiruvchi o‘qishga kirgan).
Bitiruvchilarning oliy ta’lim qabul kvotasi uchun ajratilgan davlat granti o‘rinlarini egallash salmog‘i ham yildan yilga ortib bormoqda. Joriy yilda davlat granti uchun 34930 ta kvota ajratilgan bo‘lsa, uning 77 foizini (26884 nafar bitiruvchi) aynan maktab bitiruvchilari egallagan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3,5 foizga, ya’ni 3 537 taga ko‘p (2022 yilda 23 347 nafar maktab bitiruvchilar grantga kirgan).
«Bitiruvchilarning bilim samaradorligi ham o‘tgan yilga nisbatan yaxshilanganini ko‘rish mumkin. Joriy yilda o‘rtacha ball 77,1 ni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan qariyb 3 balga, 2022 yilga nisbatan esa 1 balga ortgan (2021 yilda 74,2 ball, 2022 yilda 76,3 ball)», deb yozdi Umarova.
Uning ta’kidlashicha, maksimal balning 75 foizidan yuqorisini to‘plab, ijobiy natija ko‘rsatgan abituriyentlarning 68 foizi bitiruvchilarga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yil yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlarning 20873 nafari ham maktab bitiruvchilaridir.
«Shu o‘rinda minimal o‘tish balldan (56,7 ball) past natija ko‘rsatgan abituriyentlar soni ham yildan yilga kamayib bormoqda. Joriy yilda 415159 nafar abituriyent 56,7 ballni ham to‘play olmagan bo‘lsa, ular orasida maktab bitiruvchilari 11,7 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan qariyb 4 ming nafarga kamaygan», deb yozdi Umarova.