Cashback tizimi g’oyasi sizni millarderga aylantirishi mumkin!


Har safar bolaligim o’tgan Termiz shahriga qaytganimda kursdoshlarim va sinfdoshlarim bilan uchrashishni yoqtiraman. Yozning issiq kunlariga to’g’ri kelgan navbatdagi uchrashuvimizni shaharning gavjum qismida joylashgan City Burger kafesida o’tkazdik. Kasbimdan kelib chiqib, suhbat mavzusi yana texnologiyalar, IT startuplar va innovatsion texnologiyalar asosida katta daromad olish haqida bo’ldi. Cashback tizimi haqida suhbatlashdik. Kutilmaganda kelib qolgan bu g’oya men uchun juda katta imkoniyatdek bo’lib tuyuldi. Ushbu maqolada cashback tizimiga asoslangan tijorat haqida o’zim tuzgan rejali g’oyani yozmoqchiman.

Cashback tizimi haqida

Cashback ingliz tilida «pulning qaytishi», ma’nosida ishlatiladi. Tizim sifatida bu biznes uslub haridorlarga harid uchun sarflangan summaning ma’lum foizini qaytarish va shu orqali ularni haridga qiziqtirishga asoslangan. Cashback amal qilgan do’kon/restoran/mehmonxona uchun haq to’laganingizda ma’lum miqdordagi foiz pul yoki boshqa ko’rinishda sizning foydangizga qaytib keladi. Odatda cashback tizimi hamma joyda va hamma narsa uchun amal qilavermaydi. Albatta tizimning o’ziga xos shartlari bo’ladi va ularga amal qilishingiz talab etiladi.

Men cashback tizimiga ko’proq bank kredit kartochkalarida duch kelganman. Tizimni tushunib olishingiz uchun aynan shu – kredit kartochkalaridagi cashbackni misol qilsam yaxshiroq bo’ladi. Kapital bank joriy qilgan cashback tizimini misol tariqasida ko’rib chiqamiz.

Bank turli supermarketlar, mehmonxonalar, xizmat ko’rsatish nuqtalari bilan hamkorlik shartnomasini imzolaydi. «Men sizlarga mijozlarni harid qilishga qiziqtirib jo’nataman, sizlar men orqali kelgan mijozlar sarflagan summadan menga foiz chiqarib berasizlar», degan kelishuv bilan bank tadbirkorlar bilan hamkorlik o’rnatadi. Bank maxsus cashbackli plastik kartalar chiqaradi. Siz bank mijozi bo’lasiz va oylik maoshingizni bankning cashback tizimi amal qiladigan kartalarda olasiz. Har safar bankning hamkorlaridan biriga borib harid qilganingizda, aytaylik 100 000 so’mlik harid qilsangiz, kartangizga cashback asosida 5 ming so’m qaytib keladi.

Bundan bankka nima foyda?

Misol tariqasida aytayotganimiz – Kapital bank bundan qanday foyda ko’radi? Bank har bir hamkori bilan (misol uchun) 10% shartnoma tuzadi. Shartnomaga ko’ra kimdir Kapital bankning cashbackli plastik kartasi orqali qanchadir summa to’lasa, tadbirkor bankka summaning 10% qismini to’laydi. Bank shu o’n foizning 5% qismini mijozining kartasiga cashback tizimi doirasida qaytaradi, qolgan besh foizini esa o’zining foydasi sifatida olib qoladi. Bankning foydasi ana shu besh foizda bo’ladi.

Bundan tadbirkorga nima foyda?

Tadbirkor reklamadan ham kuchliroq ishlaydigan tizim yordamida o’ziga yangi mijozlarni jalb qiladi. Tasavvur qiling, sizda cashbackli plastik karta bor va qarshingizda ikkita do’kon turibdi. Siz 500 000 so’mga harid qilishni rejalashtirgansiz. U do’konga kirsangiz huddi shu mahsulotlarni huddi shu 500 ming so’mga harid qilib chiqib ketasiz. Lekin bu do’konga kirsangiz huddi shu mahsulotlarni olasiz, huddi shu summani to’laysiz LEKIN cashback doirasida kartangizga sarflangan summadan 5% (25 000 so’m) qaytib keladi. Shunday holatda siz qaysi do’konga kirgan bo’lar edingiz?

Marketologlar sinovidan o’tgan haqiqat shu-ki, juda kichik summa bo’lsa ham haridorga qaytib kelsa, harid unga juda kichik summaga bo’lsa ham arzonroq tushsa, haridor aynan shu tomonga qarab harakatlanadi. Kichik foiz ko’proq haridorlarni do’konga jalb qiladi. Do’kon jami summadan 10% xarajat qilib ko’proq mijozga ega bo’ladi. Tadbirkorning foydasi mana shu.

Bundan haridorga nima foyda?

Haridor sarflayotgan summasidan foizlar bumerang misoli unga qaytib kelayotganidan xursand bo’ladi. Haridlari foydali bo’ladi va bankdan ham, hamkor tadbirkorlardan ham minnatdor bo’ladi.

Menimcha tushundingiz…

Hikoyaning boshiga qaytamiz. City Bugerda o’tirib, umumiy ovqatlanish nuqtalarida cashback tizimini joriy etish yaxshi foyda berishi mumkinligi haqida o’yladik. Aslida bunday tizim Toshkentda allaqachon ishlayapti. Men o’zim Jowi cashback tizimi orqali Toshkentdagi turli umumiy ovqatlanish nuqtalarida sarflangan umumiy summadan cashback asosida qaytgan summa katta miqdordagi pul bo’lishi mumkinligiga guvoh bo’lganman.

Jowi men o’ylagan narsa emas

Jowi kompaniyasi umumiy ovqatlanish nuqtalaridagi ko’p jarayonlarni avtomatlashtirishga yordam beruvchi yechimlarni taklif qiladi. Ularning asosiy ishi cashback emas, balki restoran va kafelarga hisob-kitob tizimi, ofitsiant va mijoz o’rtasidagi buyurtmalarni hisobga olishni tashkillashtirish hisoblanadi. Darvoqe, «ofitsiant» o’zbek tilida «girgitton» bo’lar ekan, ha-ha!

Manba: azamat.uz