Talabgor magistraturada tanlaydigan yo‘nalish u o‘qigan bakalavriatdagi yo‘nalishga mos bo‘lishi kerakmi? Magistraturaga kirishda kimlarda imtiyoz bor? Magistraturaga qabul bilan bog‘liq ma’lumotlarni bir sahifaga jamlandi.
O‘tgan 2022 yildan boshlab magistratura qabulida qator o‘zgarishlar sodir bo‘ldi:
- Magistraturaga bir o‘quv yilida ikki marta – qishki va yozgi qabul amalga oshirildi;
- Magistraturaga hujjat topshirish uchun chet tili sertifikati talab etila boshlandi;
- Alohida kirish imtihonlari bekor qilinib, talabgorlar diplomidagi va til sertifikatidagi balliga qarab ketma-ketlikda saralab olindi.
Lekin oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovning yaqinda bergan intervyusiga ko‘ra, o‘tgan yili 2 marta bo‘lgan qabul istisno tariqasida tashkillashtirilgan, bu yil magistraturaga qabul faqat bir marta, yoz oyida bo‘lishi kutilyapti.
Magistraturaga qabul tartibi qanday o‘zi?
Bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bo‘lgan shaxslar turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatidagi ixtisosliklarning biriga hujjat topshirishi mumkin. Magistraturaga ham tanlov teng huquqlilik asosida amalga oshiriladi.
O‘tgan o‘quv yilida qabul 1 iyuldan 30 iyulgacha onlayn tarzda amalga oshirilgandi.
Lekin talabgorlarni saralash uchun alohida sinov tashkil etilmagan.
Asosiy talab 2022/23 yilgi qabuldan magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’limda o‘qish uchun talabgorda chet tilidan B2 daraja, til yo‘nalishlari nomzodlarida esa S1 darajadagi sertifikat bo‘lishi lozim edi.
Talabgorlarning hujjatlari tasdiqlangach, ular bakalavriat diplomining o‘rtacha balli va til sertifikati darajasiga ko‘ra saralangan.
Lekin bu talab birinchi marta qo‘yilgani sabab yozgi qabulda kvotalar to‘lmagan, shuning uchun qishki qabul ham tashkillashtirilgan va unda chet tili sertifikatining darajasi talabga javob bermasa ham, abituriyentlar talabalikka qabul qilingandi.
Biroq bu yilgi qabulda sertifikat talabi qattiq bo‘ladi, shuningdek, vazir qishki qabul bo‘lmasligini oldindan ma’lum qildi.
Qaysi yo‘nalishlarda o‘qishni kim hal qiladi?
Talaba magistraturada tanlaydigan yo‘nalish u bakalavriatda o‘qigan yo‘nalishga mos bo‘lishi kerak. Qaysi yo‘nalishlarga mosligi esa har yili qabul tugagunga qadar tasdiqlanadi.
Kimlarda magistratura uchun imtiyoz bor?
- Prezidentning davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari;
- Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari;
- «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari.
Faqat sharti ular bu stipendiya va mukofotlarni olganda talaba bo‘lishi yoki oliy ta’limning bakalavriat bosqichini tamomlagan bo‘lishlari kerak.
Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etadigan olimpiadada I, II va III o‘rinlarni egallagan g‘oliblar oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilish imtiyoziga ham ega bo‘ladi.