Bu yil davlat granti kvotasining 84,2 foizini maktab bitiruvchilari egalladi


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekistonda 2025-yilgi maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish imtihonlarida qayd etgan natijalari haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu yil maktabni 438 869 nafar o‘quvchi tamomlab, ulardan 75 foizi OTMlarga kirish imtihonlarida qatnashgan. Bunda maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish imtihonlarida maksimal ballni egallash ko‘rsatkichi 5 barobarga oshgan.

Shuningdek, bu yilgi bitiruvchilar davlat grantlarini egallashda yuqori natija qayd etgan. Jumladan, 619 nafar maktab bitiruvchilari eng yuqori 189 ballni qo‘lga kiritdi. Davlat granti kvotasining 84,2 foizini (29 881 nafar) joriy yil bitiruvchilari egalladi. Bu ko‘rsatkich esa avvalgi yilga nisbatan 7,2 foizga oshganini ko‘rsatadi.

Davlat OTMlariga qabul qilingan bitiruvchilar soni oxirgi uch yilda 3,5 foizga oshdi. Bu yil maktab bitiruvchilarining 25,8 foizi (113 176 nafari) oliygohlarga qabul qilindi. OTMga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy (48,4 foiz), Buxoro (38,2 foiz), Jizzax (32,4 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Imtihonda olgan o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari bo‘yicha esa hududlar kesimida Buxoro viloyati peshqadamlik qildi (96 ball).

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda oliygohlarga joriy yilgi kirish imtihonlarida jami 614 ming 768 nafar abituriyent qatnashgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgiga qaraganda 122 mingga kamdir. Testga kirganlarning 41,29 foizi minimum o‘tish balli — 56,7 ballni to‘play olmagan.