Brend sifatida kompaniya yoki shaxs nomini ommalashtirish


Odamlarga qaysidir xizmat kerak bo’lib qolsa, shu xizmat bilan shug’ullanuchi kompaniyalar yoki shaxslarni izlay boshlashadi. Agar avvalroq bu xizmatga murojaat qilishgan bo’lsa, ayni ish bilan shug’ullanuvchi kompaniya yoki shaxslarning taniqlilik belgilari (nomlari, o’ziga xos yorliqlari, shiorlari)ni brend sifatida eslab qolishadi. Brendning asl vazifasi ham shunda – mijozlarning yodida qolish va takroriy murojaatda boshqa raqobatchilar ichida ajralib turishni ta’minlash.

Brend nomlar o’tmishi

Yaqin 15 yil avvalgi o’tmishimizga e’tibor qaratsak, O’zbekistonda brendlar asosan kompaniyalarga tegishli edi. Ko’roq kompaniylar o’z nomlarini ilgari surishardi. Kompaniya nomlari ko’proq reklama qilinardi va biz ko’proq ularni ta’luqli xizmatlarga ehtiyoj sezganimizda osonlik bilan yodga olar edik.

Vaqt o’tishi bilan tijoratlar yakka shaxslar tomonidan amalga oshirilishi urfga kirdi. Endi qaysidir xizmat yoki maxsulot nafaqat katta kompaniya tomonidan, balki yakka bir shaxs tomonidan ham amalga oshirilishi / ishlab chiqarilishi mumkin bo’ldi. Bunday vaziyatda kishi nomi yoki familiyasi brendga aylana bordi.

Hozir frilanserlik juda ommalashgan. Agar yaxshiroq e’tibor qaratsak, har bir sohaning yarmidan ko’pini frilanserlar faoliyati tashkil etayapti. Alohida kompaniyalar xizmatlarini frilanserlar faoliyatiga almashtirayotgan iste’molchilar qarori – alohida mavzu. Ammo frilanserlikning rivoji sohada «shaxs nomining brend sifatida talqin qilinishi», kabi juda katta bir yo’nalishni ochib bermoqda.

Shaxs nomining brendga aylanishi

O’zim ismimni brendga aylantirishni ko’p yillardan buyon orzu qilaman. Yo’nalishim – sayt yaratish, web dasturlar tayyorlash va web sohasida xizmat ko’rsatish. Azamat.uz, yoki Azamat Xodjakov, deganda internet foydalanuvchilari tasavvurida men taklif qiladigan xizmatlar gavdalansa, demak mening shaxsim nomi brendga aylangan hisoblanadi.

Bugungi kunda kompaniya brendini boshqarish, yuritish va tirik saqlab qolishdan ko’ra shaxs nomiga asoslangan brend bilan faoliyat ko’rsatish osonroq, bo’lib qoldi. Fikrimcha, hammasi xarajatga borib taqaladi. Qaysidir xizmatni ko’rsatgan holda pul ishlamoqchisiz, deb tasavvur qilaylik. Agar bu faoliyat turini bir o’zingiz amalga oshira olsangiz ham, kompaniya bo’lib uddalay olsangiz ham bir xil natija kelib chiqsa, kompaniya yuritish uchun ortiqcha xarajat qilish mantiqsizlik hisoblanadi. Chunki tijoratda asosiy maqsad – kamroq xarajat qilib, ko’proq daromad olish. Albatta, bundan boshqa omillar ham kompaniya brendidan shaxs nomi brendiga o’tishga yetarlicha asos bo’lishi mumkin. Hozircha, xarajat masalasining o’zi shaxs nomi brendi yaxshiroq, qulayroq ekanligini tasdiqlashimiz uchun yetarli.

Kompaniya brendi qachondan boshlanadi?

Har bir tijorat rivojlanishi kerak. Har qanday faoliyatning boshida asoschi o’zining gigantga aylanishini orzu qiladi, shu maqsad yo’lida harakat qiladi. Shaxs nomi brendi Sizga kichik narsa bo’lib ko’rinayotgan bo’lishi mumkin. «Qachongacha mardikorlik qilaman?», deyishingizni ham tushunsa bo’lar. Tijoratingiz maromiga yetib rivojlanganda shaxs nomi brendidan kompaniya nomi brendiga o’tishni xohlashingiz tabiiy.

Tijoratingiz shaxs nomi brendidan kompaniya nomi brendiga o’tishi kerakligini nima aniqlab bera oladi? Qachon Siz yetarlicha rivojlanib bo’lgan, keraklicha mashxurlikka erishgan hisoblanasiz? Menimcha, quyidagi holatlarda Siz faoliyatingizni katta kompaniya sifatida davom ettirishingiz kerak:

  • Xizmatlaringizdan bittadan ortiq shahar foydalansa;
  • Ish bir o’zingiz uchun ko’plik qila boshlasa;
  • Faoliyatingizning keyingi rivoji jamoaga ehtiyoj paydo qilsa;
  • Faoliyat tur bir kishi bajarishiga mo’ljallanmagan bo’lsa;
  • Katta sakrashni amalga oshirmoqchi bo’lsangiz.

Shu o’rinda, bugungi kunda dunyodagi yirik va mashxur kompaniya brendlari aynan shaxs nomi sifatida boshlanganligini, hamda hozirgacha ham ko’pchiligi boshlang’ich brend nom ostida faoliyat ko’rsatayotganligini eslatib o’tmoqchiman. Hozircha o’zim faqat McDonald’s brendini eslay oldim, ammo qiziqsangiz mana bu yerda dunyo bo’ylab shaxs nomi brendi ostida faoliyat ko’rsatayotgan mashxur kompaniyalar brendlari bilan tanishishingiz mumkin.

Biznes yaxshi narsa. Har qanday shaklda bo’lmasin, o’zingiz qiziqqan yo’nalishda qaysidir katta yoki kichik faoliyatni boshlab ko’ring.

Manba: azamat.uz