Binary universitetida o‘zbekistonlik talabalar o‘qishi uchun Malayziya O‘zbekistonga 100 ming dollar grant ajratdi


Binary universitetida magistrlik dasturida 10 nafar o‘zbekistonlik talabani o‘qitish uchun Malayziya O‘zbekistonga 100 ming dollar miqdorida grant ajratdi. Toshkent moliya institutida qo‘shma o‘zbek-malayziya fakulteti ochiladi, deb yozmoqda togri.uz.

11-sentabr kuni Malayziyaning Putrajaya shahrida O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko‘magida Malayziya Bosh vaziri Mahathir Mohamad ishtirokida Binary menejment va tadbirkorlik universitetining 35 yilligi munosabati bilan katta tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bitiruvchilarga 2 ta diplom beriladi

Binary universiteti rektori Jozef Adaykalam bosh vazir Mahathir Mohamad va mehmonlarni Toshkent moliya institutida qo‘shma o‘zbek-malayziya fakulteti ochilishi bilan tanishtirdi. Uning ta’kidlashicha, o‘qishni tugatgandan so‘ng bitiruvchilarga ikkita universitetning tegishli diplomlari beriladi.

Xorazmda ham universitet filial ochiladi

Shuningdek, rektor universitet delegatsiyasining Xorazm viloyatida universitet filialini tashkil etish bo‘yicha ta’lim loyihasini amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish uchun 27 sentabrdan 4 oktabrgacha O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilganligini ta’kidladi.

Katta miqdordagi grant ajratildi

Bundan tashqari, Malayziya o‘zbekiston talabalariga Binary universitetida magistratura bo‘yicha o‘qish uchun umumiy qiymati 100 ming dollarlik 10 ta ta’lim grantlari ajratilishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, “Sirdaryo viloyatida Binary xalqaro tadbirkorlik va menejment universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi Prezident qarori muhokamaga qo‘yilgan edi.