Bilimingizni oshirishga yordam beruvchi 13 ta bepul onlayn manba


Muvaffaqiyatli ishbilarmon boʻlish, degani bir vaqtning oʻzida bir nechta qalpoqni kiyishni anglatadi. Ayniqsa, shaxsiy biznesingizni endigina yoʻlga qoʻygan va barcha tamoqlarni qamrab olish uchun yetarlicha ishchilaringiz boʻlmagan paytda.

Yangi biznes boshlash uchun yangi bilimlarni egallash ancha qimmat boʻlishi mumkin. Ammo soʻnggi yillar davomida bepul, yuqori sifatli onlayn-taʼlim manbalari taklifi oshib bormoqda.

Quyida marketing, tadbirkorlik, biznesni yoʻlga qoʻyish va shu kabi sohalarga oid bir necha manbalar keltirilgan.

1. CodeAcademy

Ushbu ajoyib manba sizga HTML, CSS, Javascript va PHP kabi dasturlash tillarini oʻrganishga yordam beradigan bepul interfaol dasturlash mashgʻulotlarini taklif etadi. Bepul akkaunt yordamida muvaffaqiyatlaringizni saqlab borishingiz mumkin. Kodlashni oʻrganish orqali dasturchiga ega boʻlmagan tadbirkorlar maʼlum bir xatoliklarni mustaqil ravishda toʻgʻrilashi yoki oʻz veb-saytini yaratishi mumkin.

2. HubSpot Academy

Ushbu bepul sertifikatlash dasturi veb-saytlarni optimallashtirish, sahifalarni ochish va mijozlar bilan aloqada boʻlish kabilarni oʻz ichiga olgan marketing kurslarini taklif qiladi. Ushbu koʻnikmalar oʻz biznes va onlayn-faolligini oshirishga harakat qilayotgan biznes egalari uchun ayni muddaodir.

3. LearnVest

Eng muvaffaqiyatli tadbirkorlar oʻz pullarini ham biznes, ham shaxsiy hayotda boshqarishni bilishadi. LearnVest juda ham hamyonbop moliyaviy kurslarni taqdim etishdan tashqari “Daromad olish uchun samarali odatlarni shakllantirish" va “Qanday qilib pul sarflashni rejalashtirish mumkin?" kabi bepul darslarni taqdim etadi.

4. Maslahat kurslari

Internet qaysidir sohada oʻz biznesini boshlash yoki rivojlantirishni oʻrganmoqchi boʻlgan tadbirkorlar uchun juda foydali boʻlgan murabbiylik kurslari uchun qulayliklar yaratdi. Natali MacNeil va MyOwnBusiness kabi doimiy ravishda biznesni yoʻlga qoʻyish boʻyicha bepul kurslar va elektron darsliklar taqdim etuvchi qator oʻqituvchilar va tashkilotlar ham vujudga keldi. Ular orasidan oʻzingizga munosib kursni esa “kalit soʻz" va “biznes kurs" birikmalarini yozish orqali qidirib topishingiz mumkin.

5. edX

Ushbu bepul saytdan hozirgi kunga kelib “Moliyaviy tahlil va qaror qabul qilish" va “Tadbirkorlik 101: Sizning mijozingiz kim?" kabi turli mavzulardagi 300 dan ortiq kurslarni topishingiz mumkin. Ushbu kurslar faqat biznesgagina oid boʻlib qolmasdan, balki muhim maʼlumotlar yoki atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohangizga tegishli boʻlgan boshqa koʻnikmalarni ham egallashingizga yordam beradi.

6. Khan Academy

Ushbu bepul oʻquv manbasi har kimga matematika, fan, sanʼat, texnologiya va boshqa sohalarda bepul taʼlim olish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilgan. Bilimlaringizdan amaliy jihatdan foydalanish uchun 100 000 dan ortiq interfaol mashqlar mavjud. Garchi koʻplab kurslar oʻrta maktab oʻquvchilariga moʻljallangan boʻlsa ham, soliq va buxgalteriya kabi foydali kurslar ham mavjud.

7. MIT ochiq kurslar dasturi

Bu kurslar aslida MITʼda amalda oʻqitilayotgan kurslar boʻlib, ixtiyoringizga qarab saytda koʻzdan kechirish yoki oʻqish imkonini beruvchi bepul amaliy darslardir. Unda yangi biznesmenlar uchun foydali kurslar roʻyxati keltirilgan tadbirkorlik sahifasi bor. Bunday kurslar qatorida “Boshlangʻich davlat kapitali" va “Dasturiy taʼminot biznesi" kabilar mavjud.

8. Pensilvaniya Kutztaun universiteti

Ushbu universitetda 100 ga yaqin bepul kollej kurslari mavjud boʻlib , ular tadbirkorlar uchun ayni muddaodir. Bundan tashqari, biznes-reja yaratish, operatsiyalar, menejment va kichik biznes soliqlari kabi mavzularni ham qamrab oladi.

9. OpenCulture

Umuman olganda, ushbu sayt taʼlim platformasi boʻlmasa-da, internet tarmogʻidagi bepul manbalarni bir yerga jamlab, barchaga tarqatadi. Undagi 150 ta bepul onlayn-biznes kurslari roʻyxati iTunes U darslari hamda boshqa video va audio darslarni taklif qilganligi sababli, barcha uchun foydali oʻziga xos manba hisoblanadi. Bundan tashqari saytda bepul audiokitoblar, sertifikatlash kurslari va boshqa onlayn-kurslar ham jamlangan.

10. YouTube

Aksariyat foydalanuvchilar uchun YouTube dunyodagi eng katta qidiruv tizimlaridan biri ekanligi ajablanarli emas. Chunki unda tasavvur qilish mumkin boʻlgan barcha mavzulardagi videolarni topish mumkin. YouTube istalgan mavzudagi TED muzokaralaridan tortib, biznes tashkil etish boʻyicha taqdimotlarning videolarigacha joylashtiriluvchi tengsiz manbadir.

11. Alison

Ushbu platforma bugungi kunda internetdagi mashhur nomlar, jumladan, Google, Microsoft va Macmillan kabilarning bepul onlayn-kurslarini taklif qiladi. Unda 4 milliondan ortiq foydalanuvchilar va 600 dan ortiq kurslar mavjud boʻlib, iqtisodiy savodxonlik, shaxsiy rivojlanish, biznes va tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻz ichiga oladi.

12. Saylor

Saylor Foundation bepul kurslarni taklif etish bilan bir qatorda, akkreditatsiyadan oʻtgan oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda hamyonbop kurslar taqdim etadi. Undagi kurs takliflari bakalavr bosqichidagi egallashingiz mumkin boʻlgan bilimlar bilan oʻxshashdir.

13. Podkastlar*

Garchi bu rasmiy kurs boʻlmasa ham, tadbirkorlar uchun podkastlar oʻz ustida ishlash borasida ajoyib (va tushunish oson boʻlgan) vositadir. Ularni kompyuteringiz (agar u qaysidir toʻlqindagi podkastni taklif qilsa) yoki iOS uchun iTunes va android uchun Podcast Republic kabi dasturlar orqali tinglashingiz mumkin . “Entrepreneur of the Fire" kabi podkastlarning har bir qismi allaqachon minglab tinglovchilarning e’tiborini qozonib, yangi maʼlumotlar va strategiyalarni oʻrganish borasida ajoyib imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Tadbirkorlikka oid podkastlarning yana biri “Think Entrepreneurship" hisoblanadi .

Sizga yuqoridagi oʻrganish usullaridan qay biri qulayroq boʻlishiga qaramasdan, shubhasiz, keltirib oʻtilgan 13 ta taʼlim manbalardan istalgan biri biznes qurish, buxgalteriya hisobi va mijozlarni jalb qilish haqida koʻproq maʼlumot olishda asosiy yordamchingizga aylanadi.

*Podkast — internet orqali yuklab olish mumkin boʻlgan, asosan koʻp yoki davomli qismlardan tashkil topuvchi audio formatdagi fayl.

Manba: Khan Academy Oʻzbek Blog

Khan Academy Oʻzbek