Ayrim talabalarning o‘qishini boshqa yo‘nalishga ko‘chirish taqiqlab qo‘yiladi


Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.

Loyihaga muvofiq, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi:

– ta’lim faoliyatiga litsenziya berilgan oliy ta’lim tashkilotlari va qo‘shma fakultetlar ro‘yxatini o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi hamda doimiy yangilab borilishini ta’minlaydi;

– har o‘quv yilida xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va qo‘shma fakultetlarning pedagog xodimlari va talabalari o‘rtasida ta’lim jarayonining tashkil etilishi va sifatini aniqlashga oid anonim so‘rovnomalar o‘tkazsin hamda so‘rovnomalar natijalarini tahlil qilgan holda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

– qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlar oliy ta’lim tashkilotida mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari negizida tashkil etilishi mumkin, lekin mavjud ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga mos bo‘lgan qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlar tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi;

– qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlarda ta’lim olayotgan talabalarning o‘qishini boshqa ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarga ko‘chirish taqiqlanadi.