Andijondagi maktabda “Direktor stipendiyasi” joriy etildi


Andijon shahridagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda O‘zLiDeP Andijon shahar Kengashi Apparat-rahbari Jahongir Jiyanov, 11-maktab direktori Umidaxon Zokirova, ota-onalar hamda a’lochi o‘quvchilar ishtirok etdi, deb yozmoqda O‘zA.

Dastlab, o‘quvchilar tarbiyasi, telefondan foydalanish madaniyati hamda qish fasli yaqinligi sabab, o‘quvchilarda pirotexnika vositalariga qiziqish ortishi, buning oqibatida barchaga birdek ziyon yetishi haqida ota-onalarga tushuntirishlar berildi.

Maktabda eng a’lo baholarga o‘qigan, jamoat ishlarida faol va sport sohasida yuqori natijaga erishgan 20 nafar o‘quvchilarga maktab direktori tomonidan 200 ming so‘mlik “Direktor stipendiyasi" topshirildi.

– Maktabimizda 3300 nafardan ortiq o‘quvchilar a’lo baholarga o‘qiydi. Yaqinda O‘zLiDeP bilan homiylikda yangi loyiha qo‘l urmoqchi bo‘ldik. Eng yaxshi o‘quvchilarimizni har oyda stipendiya bilan taqdirlamoqchimiz. Bugun ilk sohiblarga stipendiyalar topshirildi.

Ta’sis etilgan stipendiya orqali o‘quvchilarda o‘qishga bo‘lgan qiziqish ortishi tabiiy.

– Bugun ilk marta stipendiya oldim. Bu stipendiyamga badiiy kitoblar sotib olmoqchiman, – dedi 8-sinf o‘quvchisi Muhammadamin Yoqubov.