Imtihonning 1-kun javoblari e’lon qilingach, eng maksimal 189 balldan ham yuqori to‘plaganlar chiqib keldi. Bular — Temurbeklar maktabi bitiruvchilari.
Ularga to‘plagan balliga 15 foiz qo‘shib berilgan. Shu sabab o‘z kuchi bilan eng maksimal ball to‘plagan abituriyentlardan ham oshib ketishdi.
X.Xudoyberdiyev bu imtiyozni bekor qilish kerakligini, imtiyoz olganlar imtihonlardagi adolatsizlik timsoliga aylanib qolayotgani haqida quyidagilarni yozdi.
Amir Temur "Kuch — adolatda" degan. Lekin Yangi O‘zbekistonda Temur izdoshlari adolatsizlik timsoli bo‘lib turibdi
Kecha tunda 1-avgustda o‘tgan test sinovlarining javoblari eʼlon qilindi. Javoblarni my.uzbmb.uz/answer yoki https://mandat.uzbmb.uz sayti orqali bilish mumkin.
Natijalarga qarar ekanmiz, ko‘zimizga birinchi bo‘lib yana o‘sha adolatsizlik tushadi.
Gap shundaki, «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga harbiy taʼlim muassasalarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, boshqa oddiy OTMlarda esa 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi (https://lex.uz/docs/4417961). Yaʼni 100 ball olsa, uning bali avtomat 115 ga aylanib qoladi.
Natijada har yili «Temurbeklar maktabi» ayrim bitiruvchilarining ballari amalda to‘plash mumkin bo‘lgan ENG MAKSIMAL 189 balldan ham oshib ketadi. Yaʼni oddiy qishloq maktabida o‘qigan o‘quvchi BARCHA SAVOLLARGA TO‘G‘RI JAVOB BERGAN taqdirda ham, 189 ball bilan kontraktga kirishi mumkin. Chunki o‘sha oddiy qishloq bolasining o‘rnini o‘ta zamonaviy sharoitlardagi «Temurbeklar maktabi»da o‘qib, imtiyoz olgan bolalar egallaydi.
Qani inson qadri? Qani Konstitutsiyadagi tenglik? Qani hamma yoqda jar solinayotgan ijtimoiy adolat?
Amir Temurning asosiy shiori ADOLAT bo‘lgan. U adolatni har narsadan ustun ko‘rgan. Lekin bizda Temur izdoshlari bo‘lgan bo‘lg‘usi harbiylar kirish imtihonlarida adolatsizlik timsoliga aylanib qolgan. Bu kulguli emasmi?
P.S.: avval ham aytganimdek, agar «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga imtiyoz bermoqchi bo‘lsangiz, mayli, beravering. Faqat bu eng avvalo harbiy OTMlar uchun bo‘lsin, ikkinchidan, bu ball qo‘shib berish ko‘rinishida bo‘lmasin. Masalan, davlat grantida alohida kvota berib, o‘sha kvota ichida maktab bitiruvchilari o‘zaro kurashsin. Shunda boshqalarga xalaqit bermaydi, birovlarning joyini nohaq egallamaydi. Tamom, nimasi qiyin shuni?