Ular kimyoviy elementlar davriy jadvali, shuningdek, kimyo, fizika va matematika fanlaridan asosiy formulalar jadvali bilan ta’minlangani aytilmoqda.
Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Majid Karimov test sinovi paytida abituriyentlarga ayrim qo‘llanmalar berilganini ma’lum qildi.
– Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasidan kelib chiqqan holda, kimyoviy elementlar davriy jadvali, fizika fanidan «Doimiy fizik kattaliklar va shartli belgilashlar jadvali», shuningdek, kimyo, fizika va matematika fanlaridan asosiy formulalar jadvali berildi, dedi u.
Shu bilan birga, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida kimyo, fizika va matematika fanlarida har bir test topshirig‘idan so‘ng misol ishlash uchun ma’lum miqdorda joy qoldirilgan. Natijada abituriyentlarga hisob-kitob talab etiladigan misollarni test topshiriqlari kitobining oxiriga ko‘chirib ishlash o‘rniga shu yerning o‘zida ishlash imkoniyati yaratilgan.
Majid Karimovning ta’kidlashicha, abituriyentlarni test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarga kiritish va shaxsini aniqlashda identifikatsiyalash vositalaridan foydalanilgan. Natijada boshqa bir shaxsning abituriyent o‘rniga test sinoviga kirishi oldi olingan.
Shuningdek, eshitishda va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovlariga surdo tarjimonlar ham jalb etilgan.
2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra, 193 ming 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan.