Bu yil kirish imtihonlarida ayrim yo‘nalishlarda abituriyentlar bekor qilingan ijodiy imtihon o‘rniga bitta fandan test yechadi.
Bugun, 12 avgust kuni Xalqaro press-klubning OTMlarga kirish imtihonlariga bag‘ishlangan sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada qatnashgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulovning so‘zlariga ko‘ra, ham test, ham ijodiy imtihon olinishi kutilgan ta'lim yo‘nalishlariga jami 7200ga yaqin abituriyent hujjat topshirgan.
Ushbu ta'lim yo‘nalishlarida pandemiya sababli ijodiy imtihonlar olib tashlangan bo‘lib, buning o‘rniga abituriyentlardan avval belgilanganidek bitta emas, ikkita fandan test olinadi.
Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yili mazkur yo‘nalishlarda ijodiy imtihon va 2ta fandan test olingan bo‘lsa, bu yil o‘tgan yilgi blokdagi 2-fandan test sinovini ijodiy imtihon o‘rniga topshirishi kerak bo‘ladi.
«Masalan, jurnalistika ta'lim yo‘nalishi abituriyentlari o‘tgan yili o‘zbek tili va adabiyoti hamda ingliz tilidan test topshirgan bo‘lsalar, bu yil ham shu ikki fandan test topshirishadi, ijodiy imtihon olinmaydi», – deya ma'lum qildi vazir o‘rinbosari.
Ma'lumot uchun, mazkur tartib haqida 22 iyunda ham xabar berilgan edi, 7 avgustdagi matbuot anjumanida ham shunday yangilik kutilayotgani ta'kidlangan edi. Ammo hozirga qadar imtihonlardagi mazkur o‘zgarish hujjatlarda rasman tasdiqlanganicha yo‘q.
Test sinovlari bilan birga ijodiy imtihon ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan ta'lim yo‘nalishlari 13ta bo‘lib, ular asosan jurnalistika, arxitektura, chaqiriqqacha harbiy ta'lim, dinshunoslik, islomshunoslik, axborot xizmati va jamotchilik bilan aloqalar kabilarni o‘z ichiga oladi.