4ta viloyatdagi OTMlarda tibbiyot yo‘nalishidagi fakultetlar ochiladi


2021/22 o‘quv yilida tibbiyot oliygohlari bo‘lmagan Qarshi davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti va Guliston davlat universitetlarida tibbiyot yo‘nalishidagi fakultetlar tashkil etiladi.

Bu haqda Harakatlar strategiyasining 4 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro forumda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili O‘ktam Ismoilov ma'lum qildi.

Ismailovning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etilgan.

«Ushbu maskanlar 85 mln dollarlik 3 ta MSKT, 56 ta rentgen, 2 303 ta funksional krovat, 2 960 ta SIPAP, 5 537 ta kislorod konsentratori, 1 850 ta IVL, 1 564 ta kardiomonitor, 150 ta PZR apparati va boshqa zaruriy anjomlar bilan ta'minlandi.

Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi. Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 36 280 nafar tibbiyot xodimlari koronavirus kasalligini davolashning so‘nggi usullari yuzasidan o‘qitildi.

Shuningdek, o‘tgan vaqt davomida 10 ta hududda rentgenendovaskulyar (angiografiya) bo‘limlari, 8 ta viloyatda kardioxirurgik «ochiq yurak» operatsiyalarning amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilib, respublikada ilk bor 10 kg vazndan kam bo‘lgan bolalarda yurakda ochiq jarrohlik amaliyoti bajarildi.

2021 yilda qo‘shimcha ravishda 100 ta oilaviy shifokor punkti va 24 ta oilaviy poliklinika, endokrin kasalliklarini aniqlash va davolash maqsadida hududiy shifoxonalarda maxsus bo‘limlar tashkil etiladi.

35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida buyrak transplantatsiya amaliyotini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi», – deya SSV vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda O‘zbekistonda 272 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.