14-iyulidan 23-iyuliga qadar respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari tashkil etiladi
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.
2025/2026-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyundan 25-iyungacha onlayn tarzda amalga oshirildi. Bu davr mobaynida respublika bo‘yicha jami 671 397 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 426 685 nafari (63,6 %) joriy yil bitiruvchilari, 244 712 nafari (36,4 %) esa oldingi yillar bitiruvchilari hisoblanadi.
Abituriyentlarning 53,8 foizini (361 019 nafar) xotin-qizlar, 46,2 foizini (310 378 nafar) erkaklar tashkil etdi.
Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga 39 307 nafar abituriyent hujjat topshirdi.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida taqdim etilgan xalqaro sertifikatlar tizimli ravishda ko‘rib chiqildi. Natijada 18 854 ta sertifikat haqiqiy deb topildi va tan olindi. 3 370 ta sertifikat esa belgilangan talabga javob bermagani sababli rad etildi.
Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 678 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazildi. 2024-yilda bunday imkoniyatdan atigi 1 nafar abituriyent foydalangan edi.
85 140 nafar abituriyent umumta’lim fanlaridan, 58 216 nafari esa chet tillaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega ekani aniqlandi. Bu ko‘rsatkichlar 2024-yilda mos ravishda 13 180 va 44 834 nafarni tashkil etgan.
Joriy yildan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan yo‘nalishlarga faqat til sertifikatiga ega abituriyentlar qabul qilinmoqda. Bu talablarga mos kelgan abituriyentlar soni 22 041 nafarga yetdi.