2019-2020 oʻquv yili rasman yakunlandi


Joriy yilning 25-may kuni mamlakatimizdagi barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2019-2020 oʻquv yili rasman yakunlandi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sababli eʼlon qilingan karantin tufayli “Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlari oʻtkazilmadi. 

2019-2020 oʻquv yilida mamlakatimizda 9942 ta umumtaʼlim maktablarida 6,12 mln. oʻquvchi tahsil oldi.

Albatta, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq mamlakatimizdagi vaziyat tufayli oʻquv yilining toʻrtinchi choragini masofadan tashkil qilishga toʻgʻri keldi.

Qisqa vaqt davomida uchta telekanalda videodarslar tashkil etildi. Unda 200 nafardan ortiq pedagoglar Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimlari bilan hamkorlikda 3900 dan ziyod darslar tayyorlab,efirga uzatdi. Karantin davrida Oʻzbekistonda oʻquvchilarga bilim berish uchun televizion darslarni efirga berish boʻyicha qarorni YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar yuqori eʼtirof etdi.

Mazkur jarayon mamlakatimizda yangilik boʻlgani, oʻqituvchilarda kamera oldida ishlash koʻnikmasi boʻlmagani uchun kamchiliklar ham uchradi. Televizion darslar ustida ishlagan jamoa aholidan tushgan taklif va eʼtirozlarni oʻrgangan holda tasvirga olish jarayonlariga oʻzgartirish kiritib, videodarslarni takomillashtirib bordi.

Shuni taʼkidlash lozimki, Online-maktab loyihasi davom ettiriladi. Yozda telekanallar orqali oʻquvchilarga ingliz tili va zamonaviy kasb hamda koʻnikmalar boʻyicha bilim beradigan darslarni namoyish etish rejalashtirilgan.

Xalq taʼlimi vazirligi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini oʻtkazmaslik boʻyicha qaror qabul qildi.

Maktablarga oʻquvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy oʻquv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etildi. Shu bilan birgalikda kundalik.com tizimi joriy etilgan maktablarda karantin vaqtida tirishqoqlik bilan oʻqigan oʻquvchilarga ragʻbatlantirish sifatida 4-chorakdagi faqat ijobiy baholarini yillik baholarini hisoblashda inobatga olish tavsiya etildi.

2019-2020 oʻquv yili natijalariga koʻra 9-sinfni jami 490 mingga yaqin va 11-sinfni 451,3 mingdan ziyod oʻquvchilar bitirdi va hayotlarining yangi sahifasiga qadam qoʻydi.

9-sinf bitiruvchilarining bir qismi 2020-2021-yildan qayta tashkil etilayotgan oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida, 11-sinf bitiruvchilari oliy oʻquv yurtida tahsil olishni davom ettiradi. 11-sinf bitiruvchilarining bir qismi (oliy taʼlim muassasalariga qamrab olinmagan) oʻzlarining mehnat faoliyatini boshlaydi.

Bitiruvchilar 15-iyunga qadar chop etilgan attestat (shahodatnoma)larni elektron shaklini (skaner) oladi.

2019-yilning fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida" nizomni tasdiqlagan edi.

Nizomga koʻra, oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflari hamda akademik litseyda barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazorat, chorak, yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli, shuningdek, jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga berilishi belgilangan.

Kumush medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseyda barcha fanlar boʻyicha yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Hududlardan olingan buyurtmalarga asosan, jami 6901 nafar oʻquvchi oltin va kumush medal sovrindorligiga daʼvogar boʻlmoqda. Ulardan 4682 nafari oltin medal va 2219 oʻquvchi esa kumush medal sohibi boʻlishi kutilmoqda.

Tayyorlangan attestat (shahodatnoma)lar, oltin va kumush medallar hududda epidemiologik vaziyat yaxshilanib, oʻquvchilarga topshirilgunga qadar barcha xavfsizlik choralarini koʻrgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasasida saqlab turiladi.

Karantin cheklovlari olib tashlanganidan soʻng attestat (shahodatnoma)lar, oltin va kumush medallar oʻz egalariga topshiriladi.