Joriy yilda pandemiya sababli respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ilk marotaba to‘liq onlayn ko‘rinishda o‘tkazildi. Bir oy davom etgan qabul jarayonlarida jami 91 ta OTMga kirish uchun 1 million 484 ming 085 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 417 ming 159 nafarga yoki 39,1 foizga ko‘p.
22 iyul kuni Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida eng yosh va eng yoshi ulug‘ abituriyentlar haqida ham ma’lumot berilgan edi. Jumladan, eng yosh abituriyent 13 yosh va eng yoshi katta abituriyent 95 yosh ekanligi xabar qilingandi.
13 va 95 yoshli abituriyentlarning hayoti ham yoshlar uchun, ham keksalar uchun ibrat, motivasiya bo‘lishini hisobga olib, O‘zA ular bilan suhbat qurishni niyat qildi. Shu sababli O‘zA muxbirlari mazkur abituriyentlarning shaxsini aniqlash uchun surishtiruvlar olib bordi va bu jarayonda qiziq bir vaziyatga guvoh bo‘ldi.
Surishtiruvlarni o‘tkazish jarayonida Xalq ta’limi vazirligiga jurnalistik so‘rovi yuborildi hamda vazirlik tomonidan holatga aniqlik kiritilishida katta amaliy yordam ko‘rsatildi.
Dastlab 13 yoshli (14 yoshga to‘lmagan) ekanligi aytilayotgan X.A. ismli abituriyent maktabdagi o‘qishi davrida sinfdan sinfga ko‘chirilgan, ya’ni xalq tilida aytganda “sakragan" bo‘lsa kerak, degan variant ko‘rib chiqildi. Ammo aniqlanishicha, u 2009-2010 o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilingan hamda 2019-2020 o‘quv yilida o‘sha maktabning 11-sinfini tamomlagan.
X.A. o‘qish jarayonida 1-sinfdan 11-sinfgacha to‘liq ta’lim olgan, ya’ni o‘qish davrida sinfdan sinfga sakratilmagan.
Ushbu ma’lumotlardan so‘ng, o‘z-o‘zidan savol tug‘ildi, qanday qilib 13 yoshli abituriyent 2009 yilda maktabga chiqishi mumkin, axir bu paytda u atigi 2 yarim yosh bo‘ladiku?
Shundan so‘ng, Xalq ta’limi vazirligi ko‘magi bilan X.A. istiqomat qiladigan tumanning FHDYo bo‘limi orqali uning tug‘ilgan vaqtiga aniqlik kiritildi. Berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, X.A. 2003 yil 3 dekabrda tavallud topgan. Bundan kelib chiqadiki, qahramonimiz aslida 16 yosh (dekabr oyida 17 yoshga to‘ladi) hamda maktabning 1-sinfiga qabul qilingan paytda qariyb 6 yosh bo‘lgan.
Shundan so‘ng, nima uchun Davlat test markazi ushbu abituriyentni 13 yosh deya e’lon qilganiga aniqlik kiritish uchun surishtiruv davom ettirildi.
O‘zA aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, X.A.ga 2019 yil aprel oyida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2006 yil 3 dekabrda tug‘ilganligi aks etgan fuqarolik pasporti berilgan. Fuqarolik pasporti rasmiylashtirilayotganda, hozircha ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, X.A.ning yoshi 3 yilga kichraytirilgan.
Shuningdek, O‘zA surishtiruvlari davomida X.A. futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullanishi haqidagi dastlabki ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston professional futbol ligasi bilan bog‘lanib, bu ma’lumotlar qanchalik rost yoki yolg‘onligini tekshirdik.
Dastlab bunday futbolchi O‘zPFLda ro‘yxatdan o‘tmagani ma’lum bo‘ldi. Ammo yoshni kichraytirish masalasiga qarshi keskin kurash olib borilayotganligi, O‘zPFL ham bu kabi qonunbuzilish holatlarining fosh bo‘lishidan manfaatdor ekanligini inobatga olib, boshqa hamkor tashkilotlar orqali mazkur faktni tekshirib berishlarini ta’kidlashdi.
O‘zPFL aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan X.A. haqiqatdan futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi va tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida ro‘yxatda turgan, professional futbol ligasida hozircha o‘yinlar o‘tkazmagan.
O‘zA surishtiruvi davomida aniqlangan yuqoridagi holatlarda hujjatlarni qalbakilashtirishga oid jinoyat alomatlari bo‘lishi mumkinligini hisobga olib, aybsizlik prezumpsiyasi nuqtai nazaridan, xabarda abituriyentning ismi, yashash manzili va tahsil olgan maktabi oshkor qilinmadi. Surishtiruvlar davomida to‘plangan barcha materiallar qonun doirasida ko‘rib chiqilishi uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.
Manba: O‘zA