Uchta OTMda yuridik fakultetlar qayta ochiladi


16 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Oliy ta'lim muassasalarining bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirishga o‘tish istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Oliy ta'lim vazirligi mutasaddilari va OTM rektorlari prezident qarori asosida (PQ-4391-son) 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta'lim muassasalari va yangi tizim bo‘yicha kutilayotgan yangiliklar haqida ma'lumot berdi.

Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti o‘z yo‘nalishida respublikadagi yagona ta'lim muassasasi ekani va yuridik fakultetlarning yo‘qligi viloyatlardagi ko‘pchilik yoshlarga noqulaylik keltirib chiqarishi aytildi.

Savolga Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov javob qaytardi.

«Haqiqatdan ham, bugungi kunda yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj juda katta. Odiiy misol: O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 12 nafar advokat to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Yevropa davlatlarida o‘rtacha 162 nafarni tashkil qiladi. Ya'ni bizda bu ko‘rsatkich Yevropaga qaraganda 10 barobar kam.

Yuristlarga, sudyalarga ehtiyojimiz juda yuqori. 

Biz shularni inobatga olgan holda, prezident administratsiyasiga viloyatlardagi oliy ta'lim muassasalarida ham yuridik yo‘nalishlarni qayta ochish bo‘yicha taklif kiritganmiz. Hozirda bu masala bo‘yicha viloyatlarda o‘rganishlar olib borilyapti. Yaqin oylarda viloyatlarda ham yuridik fakultetlar ochiladi va bu haqda sizga ma'lumot beramiz», – dedi Hakimov. 
TDYuU rektori yuridik yo‘nalishlar qaysi hududlardagi ta'lim muassasalarida ochilishi mumkinligiga ham aniqlik kiritdi. 
«Bu albatta, bitta qaror bilan bitadigan ish emas. Ta'lim muassasalari ochilishi uchun o‘sha xududlardagi kadrlar salohiyati o‘rganiladi. 
Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, Samarqand viloyatida, vodiy viloyatlaridan biri va Toshkent shahridagi O‘zbekiston Milliy universitetida yuridik fakultetlar qayta tashkil qilinadi. 

Keyinchalik universitetlar salohiyatiga qarab barcha universitetlarda yuridik fakultetlarni ochish mumkin, bunga to‘sqinlik yo‘q.

Yuridik fakultetlar qancha ko‘paysa, bizga shuncha yaxshi. Raqobat o‘sadi. Har bir viloyatda huquqiy maktablarning shakllanishidan biz manfaatdormiz», – dedi Rahim Hakimov.

Manba: KUN.UZ