Oliy ta'lim tizimida 9 oyda 13,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xatolikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi


O‘tgan 9 oy davomida oliy ta'lim tizimiga tegishli muassasalarda 13,5 mlrd so‘mdan ortiq moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirlikning ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Toshmatov ma'lum qildi.

Boshqarma boshlig‘i joriy yilning 9 oyida vazirlik tasarrufidagi 507 ta ta'lim muassasasida, jumladan 56 ta oliy ta'lim hamda 408 ta kasb-hunar va o‘rta maxsus ta'lim muassasasida moliyaviy nazorat tartibidagi profilaktik tadbirlar o‘tkazilgani haqida gapirdi.

“O‘tkazilgan moliyaviy nazorat va profilaktika tadbirlari natijasida 245 ta ta'lim muassasasida jami 13 mlrd 605,3 mln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Shundan:

  • 5 mlrd 493,2 mln so‘mlik maqsadsiz va ortiqcha xarajatlarning oldi olindi;
  • 4 mlrd 979,3 mln so‘mlik qismi profilaktik tadbirlar jarayonida undirilib tiklandi.

996,2 mln so‘mlik qismi (ortiqcha to‘langan ish haqi va boshqa hisob-kitoblar) keyingi oylarda hisob-kitob qilish uchun undiruvga qaratildi. Shuningdek, 2 ta oliy ta'lim hamda 8 ta kasbiy ta'lim muassasalarida aniqlangan 2 mlrd 136,6 mln so‘mlik xato va kamchiliklarda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza etuvchi organlarga yuborildi", – deya ma'lum qildi u.

Ta'kidlanishicha, ushbu aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning:

  • 8 mlrd so‘mi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda stipendiya to‘lovlari bo‘yicha;
  • 1 mlrd 111,7 mln so‘m tovar-moddiy qiymatliklarning kamomadi va noo‘rin hisobdan chiqarilishi bo‘yicha;
  • 128,0 mln so‘m ta'mirlash ishlari uchun ortiqcha qilingan xarajatlar bo‘yicha;
  • 267,1 mln so‘m ijara to‘lovi va budjetga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan to‘lovlar bo‘yicha;
  • 4 mlrd 62,9 mln so‘mi esa boshqa turdagi xarajat turlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbar va mas'ul xodimlarning 33 nafariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilib, 21 nafari lavozimidan ozod etildi.

Salohiddin Toshmatovga ko‘ra, ushbu kamchiliklarni aniqlash ustida vazirlikka tegishli audit boshqarmasi, hududiy audit xizmati xodimlari, OTMlardagi audit bo‘limlar xodimlari ishtirok etishgan.

Avvalroq, Aksilkorrupsiya agentligi  olib borilgan o‘rganishlar natijasida Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi va qator vazirliklarda “Yo‘l xaritasi"da ko‘zda tutilgan ishlar qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilayotganini ma'lum qilgan edi.