Deputat talabalar uchun “ijtimoiy uy”lar qurishni taklif qildi


Har gal yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida talabalar uchun yotoqxona masalasini hal etish dolzarb masala hisoblanadi. Negaki, oliy taʼlim muassasalarida ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar bilan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagan va bu borada muammolar ko‘p.

Poytaxtimizda joylashgan ko‘p sonli talabalar turar joylarida o‘rinlarning yetishmovchiligi sababli ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar muammolarga uchramoqda. Achinarli tomoni, ular bilan ishlash tizimi hamon oqsoqlanmoqda.

Bugun viloyatdan kelib Toshkent shahrida tahsil olayotgan talabalar bilan suhbatlashganizda ko‘pchiligi ijara xonadonida yashashini, ijara xonadoni narxlarining yuqoriligi, ijara xonadonining OTMlardan uzoq manzilda joylashganligi aytadi. Shu jihatdan bugun talabalarni turar-joy bilan taʼminlash kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masala hisoblanadi.

Hammamizga yaxshi maʼlum, Prezidentimiz joriy yil Oliy Majlisga murojaatnomasida oliy maʼlumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklar yaratilishini, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazilishini alohida taʼkidlagan edi.

Tabiiyki, qamrov oshishi bilan talabalarning turar-joyga talabi ham oshib boradi. Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotiga qo‘ra, hozirgi kunda oliy taʼlim muassasalarida jami 225 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ular 60 mingtaga yaqin talabalarni qabul qilish imkoniga ega. Bu esa, talabalar turar-joyida turishga ehtiyoji bor talabalarning atigi 30-35 foizini qamrab olishi mumkin.

Shak-shubhasiz, turar joy bilan taʼminlanmagan yoshlar ichki bozordagi xususiy uylar (kvartiralar)da ijaraga turishga majbur bo‘ladi. Kvartiralarda turadigan talabalarni bir oylik ijara haqi kamida 2 mln. so‘mdan boshlanadi. Agar 4 kishi istiqomat qilsa, bu kishi boshiga 500 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Albatta kommunal to‘lovlarni hisobga olmaganda.

Yuqoridagi muammolarni hisobga olib, talabalarni turar-joy bilan taʼminlash maqsadida quyidagilarni taklif qilmoqchiman. Nazarimda bu borada talabalar uchun ijaraga beriladigan “Ijtimoiy uy"lar qurish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bunday uylarni qurish uchun, eng avvalo, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash yoki davlat xususiy shekirlik asosida amalga oshiriladi. Buning uchun tadbirkorlarga past foizlik va uzoq muddatli kreditlar ajratish lozim.

“Ijtimoiy uy"larni qurish uchun tadbirkorlar o‘z loyihalarini komissiyaga taqdim etadi. Loyihada quriladigan uylar arzon, sifatli va talablarga javob beradigan, ijara pulini to‘lashda og‘irlik qilmaydigan bo‘lishi kerak. Eng asosiysi, ijtimoiy uylarda talabalar uchun katta o‘quv zali, kutubxona va Vi-Fi bo‘lishi juda muhimdir.

Ijtimoiy uylarga talabalar shartnoma asosida joylashadi. Bu esa, ikki tomonning ham huquq va majburiyatlarini shartnomada aniq belgilanishida, qolaversa, talabalar ijaraga turar-joy izlab sarson bo‘lishini, turli ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olishga xizmat qiladi.

Baxromjon RAXMONALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi