Yangi O‘zbekiston universiteti tashkil qilinadi


“Toshkent besh tashabbus harakati" doirasida Yoshlar bilan ochiq muloqotda qatnashgan Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan yangi universitet haqida gapirdi

“2021-yil 1-sentabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida Prezident maktablari faoliyatini boshlaydi. Bu yerda Kembrij ta’lim tizimi asosida dars beriladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yerga kelganda masalaning ikkinchi tomonini ham o‘yladilar va savolni o‘rtaga tashladilar: Kembrij ta’lim tizimi bo‘yicha o‘qishni bitirgan bolalar qayerda o‘qiydi? Shu maqsadda O‘zbekistonda Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil qilish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlandi", — deya gapirib o‘tdi Musayev.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil oxirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar forumida ishtirok etib, so‘zlagan nutqida yoshlar zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi zarurligi, buning uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinishini aytgan hamda “Shu maqsadda ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshiryapmiz. Sohada mutlaqo yangi tizim – Prezident va ijod maktablari, matematika, kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha maxsus maktablarni tashkil etyapmiz. Yoshlarimizga IT texnologiyalarni chuqur o‘rgatadigan ta’lim maskanlarining soni tobora ko‘payib bormoqda. Bu ishlarimizning ilk mevalarini ko‘ra boshladik. So‘nggi uch yilda mamlakatimiz yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda besh yarim mingtaga yaqin sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi", deya ta’kidlagan edi.

Avvalroq Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Toshkent materialshunoslik universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygan, oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida O‘zbekistonning har bir hududida 2021-yil 1-sentabrgacha kamida bittadan nodavlat OTM ochilishi ma’lum qilingan.

Toshkentda Yaponiya raqamli universiteti tashkil etilishi, poytaxtda Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali ochilishi haqida xabar berilgan edi.