TATU da Belarus bilan hamkorlikda fakultet ochiladi


Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti (BDIRU) rektori Vadim Anatolevich Bogush boshchiligidagi delegatsiya bugun, 13-sentyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurdi. Bu haqda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Tashrif doirasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasi muhokama etilib, Axborot texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etish yuzasidan shartnoma imzolandi.

Ushbu shartnomaga asosan, 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab, Axborot texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma fakultetga quyidagi yunalishlar bo‘yicha abituriyentlar qabul qilinadi:

  • axborot texnologiyalarining dasturiy ta’minoti;
  • mobil tizimlarini dasturlash;
  • sun’iy intellekt.

Hamkorlikda ochilgan Axborot texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma fakultetda ta’lim olish ikki bosqichda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, talaba 1-2-bosqichlarda TATUda tahsil olsa, 3-4-bosqichlarni BDIRUda davom ettiradi. Fakultetni muvaffaqiyatli yakunlagan talaba ikki tomonlama diplom (TATU- BDIRU)ni qo‘lga kiritadi.  

Axborot texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma fakultetda ta’lim rus tilida tashkil etiladi. Shu sababli, 2018 yilning noyabr oyidan TATUda rus tili, matematika, fizika, informatika asoslari va ingliz tili fanlaridan tayyorlov kurslari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. 

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetlari o‘rtasida tuzilgan ushbu hamkorlik shartnomasi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.

Manba: xabar.uz