Samarqand viloyatida 2 ta oliy taʼlim muassasasi tashkil etiladi


"Samarqand viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga asosan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali hamda Toshkent davlat transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filialini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

SamDUning Kattaqo‘rg‘on filiali va Transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali taʼlim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.

Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri, Amir Temur ko‘chasi, 27-uy manzilida joylashgan sobiq Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi 2-son akademik litseyi hamda Kattaqo‘rg‘on tumani, Qo‘shtepa qishlog‘ida joylashgan Kattaqo‘rg‘on tumani agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.

Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahar, Chinobod MFY, Qozoqovul qo‘rg‘onida joylashgan Kattaqo‘rg‘on transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda Transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.