O‘zbekiston - Rossiya: ta’limdagi hamkorlik yangi bosqichda


Toshkent moliya instituti delegatsiyasi 2018-yilning 26-30-noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi moliya universiteti, «MMFI» milliy tadqiqot yadro universiteti va Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetlariga tashrif buyurishdi.

Delegatsiya a’zosi Akram Amanovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi moliya universitetida 27-29-noyabr kunlari V xalqaro forum o‘tkazildi. Forumda professor A.Jo‘rayev O‘zbekistonda soliq sohasida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ma’ruza qildi.

Forum doirasida 2014-yil iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori fransiyalik Jan Tirol ma’ruzasi tinglandi. Ma’ruzadan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari taniqli olim bilan fikr almashdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari  Nobel mukofoti sohibi fransiyalik Jan Tirol bilan uchrashishdi.

«MMFI» milliy tadqiqot yadro universiteti va Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetida esa O‘zbekiston delegatsiya a’zolari ta’lim sohasida hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvlarni amalga oshirdilar.

Ikki tomonlama kelishuv jarayonida hamkorlik ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, o‘quv adabiyotlarini yaratish va nashr etish, pedagog-xodimlarning malaka oshirishini va o‘zaro stajirovkalarini, talabalar akademik almashinuvini hamda hamkorlikda video konferensiyalar, video ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish, shuningdek ilmiy izlanuvchilarga tadqiqot olib borishlari uchun shart-sharoit yaratish masalalari hal etildi.

Qayd etilishicha, bu tashrif O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 3-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda birinchi O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi doirasida imzolangan shartnoma va kelishuvlar asosida amalga oshirildi.

Manba: xabar.uz