1-kurs talabalari uchun o‘qish boshlanishi vaqti ma’lum qilindi


2021/22-o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilganlar (1-bosqich talabalari) uchun OTMda 6 sentyabrdan dastlabki tanishtiruv haftaligi (xususan, mustaqillik darslari), 13 sentyabrdan e’tiboran o‘quv rejaga muvofiq dars mashg‘ulotlari boshlanadi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi orqali tashkil etiladi.

Tanishtiruv haftaligida talabalar kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati, o‘quv jarayoniga tatbiq etilish tartibi, OTMning ichki tartib-qoidalari va shu kabi zaruriy axborotlar bilan tanishtiriladi.

Shu bilan birga, tanishtiruv haftaligini tashkil etishda doimiy yashash manzilidan, xususan, respublikaning boshqa hududlarida bo‘lgan talabalarning OTMga yetib kelishi, turar joylariga joylashishi uchun vaqt ajratilishi inobatga olinadi.

Yuqori kurs (1-kursdan tashqari) talabalari uchun esa dars mashg‘ulotlari umumiy tartibda 6 sentyabrdan boshlanadi.