Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, marosim davomida tan olingan 5 ta eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida (matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika) medallarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozlari ham mukofotlandi. Joriy yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar 11 ta medal (1 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza) qo‘lga kiritdi.
Prezident qaroriga muvofiq, tan olingan Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga davlat budjetidan quyidagicha bir martalik pul mukofoti beriladi:
1-o‘rin (oltin medal) uchun:
- o‘quvchiga — BHMning 500 baravari (187 million 500 ming so‘m);
- ustoziga — BHMning 450 baravari (168 million 750 ming so‘m).
2-o‘rin (kumush medal) uchun:
- o‘quvchiga — BHMning 300 baravari (112 million 500 ming so‘m);
- ustoziga — BHMning 250 baravari (93 million 750 ming so‘m).
3-o‘rin (bronza medal) uchun:
- o‘quvchiga — BHMning 200 baravari (75 million so‘m);
- ustoziga — BHMning 150 baravari (56 million 250 ming so‘m).
Shuningdek, ushbu o‘quvchilar davlat OTMlariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz grant asosida talabalikka qabul qilinadi. Ular keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan taqdirda lavozim maoshiga 150 foiz har oylik ustama beriladi.
Joriy yildan boshlab, fan olimpiadasida g‘olib bo‘lganlar oladigan pul mukofotidan daromad solig‘i ham ushlab qolinmaydigan bo‘lgan.