«Ular nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo to‘g‘risida ham bilishmaydi». Goadagi hamyurtimiz bilan suhbat


«Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz orqali bu gal Hindistonning turistik markazlaridan biri bo‘lgan Goa shtatida ilmiy izlanishlar olib borayogan vatandoshimiz – Jahongir Javmirov bilan suhbat uyushtirdik. Qahramonimiz 1992-yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Hozirda Goa universitetining Master of philosophy bosqichida tahsil oladi.

–  Jahongir nima uchun aynan Hindistonda ilmiy izlanish qilishga qaror qildingiz?

–  2011-2015-yillar Toshkent davlat sharqshunoslik institutining «Markaziy Osiyo xalqlari tarixi» yo‘nalishida bakalavr, 2015-2017-yillar «Xorijiy mamlakatlar tarixi» yo‘nalishi bo‘yicha magistr bosqichida o‘qidim. O‘qishni tamomlagach, bir muddat shu institutda ishladim. Dunyoqarashim, xarakterim ham o‘sha yerda sayqallandi desam, xato bo‘lmasa kerak. Lekin, yangi tamoyillarni o‘rganish, boshqa muhit, turli jamiyatlarda hayotga qanday qarashlarini bilish uchun chet elga ketishga qaror qildim.

Sharqshunoslik institutida deyarli barcha sharq tillari kafedralari mavjud. Kafedradagi ustoz va o‘qituvchilar bilan maslahatlashib, Xitoy, Turkiya va Hindistonga PhD bosqichida o‘qish uchun hujjat topshirdim. Ular orasida o‘qish, yashash va sayohat qilish uchun eng qulayi – ICCR (Indian council for cultural relations) stipendiya dasturi orqali Hindiston davlati bo‘ldi.

ICCR stipendiya dasturi o‘zbekistonlik talabalarga har yili kamida 20 ta o‘rin ajratadi. Dastur barcha harajatlarni qoplaydi. Bunga o‘quv kursi to‘lovlari, turar joy, kitob puli va har oylik stipendiya, hattoki sharoiti og‘ir talabalar uchun yo‘l chiptasi ham kiradi. Talab qilinadigan asosiy narsa ingliz tilini yaxshi bilish kerak.

Hozir «Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy aloqalar» mavzusida ilmiy ish qilyapman.


–  Tarix fanining ahamiyati qay darajada, deb o‘ylaysiz?

–  Aslida, tarix juda qiziq gumanitar fan hisoblanadi. U ideologiya va odamlarning o‘zligi bilan chambarchas bog‘liqligi bois doim ham xolis bo‘lavermagan. Ammo, fanning asosiy tamoyili – xolislikdir. Ko‘pchilik ziyolilar tomonidan «Xolis tarix bo‘lmaydi», «Tarix siyosat xizmatida» kabi gaplar ko‘p aytiladi. Albatta, bu gaplarning ham yetarlicha asoslari bor. Sovet davri tarixchiligini bunga yaqqol misol qilib ko‘rsatish mumkin.

G‘arb tarixi esa, juda yaxshi o‘rganilgan. Ulardagi turli voqealarning eng mayda tafsilotlari-yu, tarixiy shaxslarning suhbatlarigacha ma’lumotga egamiz. Biroq, afsuski, O‘zbekiston tarixi, Markaziy Osiyo tarixi hali ham to‘liqligicha o‘rganilgani yo‘q. Bu tarixni o‘rganishda va ob’yektiv yoritishda xorij manbalarini va ularning metodlarini o‘zlashtirishni muhim, deb o‘ylayman.

–  Hindistondagi hayot va hindlar haqida nimalar deya olasiz?

–  Hindistondagi yashash hayotni to‘laroq anglashim va qiyinchiliklarni yengib o‘tishimda sabrli bo‘lishga o‘rgatyapti. Bu yerda o‘zimni jahon fuqarosidek his qilyapman. Odamlarni irq, din yoki millatlarga bo‘lish, umuman qabul qilib bo‘lmaydigan tushunchaga aylanmoqda. Afrikalik, yevropalik va afg‘on talabalari bilan birga ilm qilamiz, turli mintaqa vakillari sifatida bir-birimizni o‘rganamiz.

Ta’lim tizimida esa bakalavr bosqichidan talabalarning kiyinishi va tashqi ko‘rinishiga e’tibor berilmaydi. Asosiy e’tibor talabaning bilim olishi, sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishi va mustaqil ta’lim olishiga katta e’tibor qaratilgan.

Hindlar xarakteri haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, ularning xorijliklarga nisbatan munosabati yaxshi shakllangan. Chet ellik ekaningizni bilishsa, sizda iliq taassurot qoldirishga intiladi. Ajablantirgani, ularning doimiy savoli «Ovqatlandingmi yoki yo‘q?» iborasi ekan. Keyin, biroz maqtanchoqliklari ham bor. O‘zbekona soddalik va kamtarlikni ko‘p ham uchratavermaysiz.

Bundan tashqari, hindlarda mehmondo‘stlik degan tushuncha deyarli yo‘q. Bizning xalqqa o‘xshab qo‘ygan nonini yemasangiz xafa bo‘lib qoladigan odatlari yo‘q. Men ko‘rgan va muloqot qilgan hindlar notanish hindlarga ko‘p hollarda hurmat ko‘rsatmaydi. O‘zbeklarga o‘xshab «aka», «og‘ayni» yoki «do‘stim» deb mulozamat qilishmaydi. Jamoat transportlarida yoshi kattalarga va ayollarga joy berish odobini haligacha ko‘rmadim.

Ammo, ayrim xarakterlari biznikiga o‘xshash. Ular ham bizlardek har qanday vaziyatda hech narsaga qaramay tabassum qilishdan to‘xtamaydigan, har kunini baxtli lahzalar bilan boyitishga, tez-tez quvonch va kulgiga to‘la bayramlarni nishonlaydigan odamlar.


–  Goaning mamlakatdagi qolgan shtatlardan farqli jihatlari qanday?

–  Hindiston ma’muriy jihatdan 28 ta shtatga bo‘linadi. Goa ushbu shtatlar ichida hududiga nisbatan eng kichigi. Shtat aholisi ham boshqa hududlarga qaraganda kamchilikni tashkil qiladi. Bu, o‘z navbatida, shtat hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘chalar toza, uysizlar yo‘q.

Shuningdek, Goa eng ko‘p sayyohlar keladigan hudud. Bu yerda 20 dan ortiq dam olish plyajlari bor. Qish faslida havo harorati +20 gradusdan +30 gradusgacha issiq bo‘lib, bu turistik mavsum hisoblanadi. Shu boisdan, turistlar uchun xavfsizlik va barcha qulayliklar yaratilgan. Birgina misol, faqat Goadagina qoramol go‘shtini topish muammo emas. Bundan tashqari, sayyohlik firmalari ochishga imkon katta.

Shuningdek, onlayn bozor xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ichki bozorni himoya qilamiz deb, hech qanday cheklovlar va monopoliyalar o‘rnatilmagan.

–  Goaliklar O‘zbekiston haqida qanday tasavvurga ega?

–  Ochig‘i, goaliklar nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo to‘g‘risida ko‘p ham bilishmaydi. Goaga endi kelgan vaqtlarim, ba’zi professorlarning ham mintaqamiz haqida bilmasliklaridan hayratlanganman. Buning asosiy sababi, ularda geografiya, tarix singari fanlarning o‘tilmasligi va faqat sohasiga aloqador narsalarni o‘rganishida degan xulosaga keldim.

Ba’zida dars jarayonlarida butun guruh men va O‘zbekiston haqida gapira ketishadi. Ana shunday paytlarda O‘zbekistonni boshqalarga tanityapman, deb o‘zimcha g‘ururlanib qo‘yaman.

Lekin, bu holat butun Hindistonda shunday, degan xulosani keltirmasligi kerak. Hindistonning boshqa hududlarida mamlakatimizni yaxshi biluvchilar, madaniyatimiz, tilimizga qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Masalan, poytaxt Dehlining «Jamiya Millia Islomia» universitetida 15 yildan buyon o‘zbek tili fan sifatida o‘qitiladi.

–  Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

–  Hozir o‘qiyotgan kursimni bir yilda nihoyalab, so‘ng 2 yillik PhD bosqchini davom ettirish imkoniyatiga egaman. Lekin, Goa oldin Portugaliyaning mustamlakasi bo‘lgani, hozirgacha aloqalarni yaxshi kechishi ortidan universitetda portugal tili ham o‘rgatiladi.

Shu boisdan ham PhD bosqchini Portugaliyada davom ettirishim mumkin. Hozir shuning harakatidaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Manba: xabar.uz