Turkiyada o‘qishning afzalliklari nimada?


Turkiyada o‘qishning afzalliklari nimada? Xorijlik talabalar uchun qanday imkoniyatlar bor? Talaba ham o‘qib, ham ishlashi mumkinmi? Bu haqida hozirda Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik Sherzod Davlatov “Daryo"ga hikoya qilib berdi.

Sherzod Davlatov Surxondaryo viloyati Angor tumanida tug‘ilgan. Hozir u 24 yoshda. Ayni paytda Turkiyadagi Karabuk davlat universitetining Turizm va mehmonxona xizmatlari yo‘nalishida tahsil olyapti.


Xorijda o‘qish orzuim bo‘lmagan

Oldindan chet elda o‘qish niyatim bo‘lmagan. O‘zbekistonda bir necha bor tibbiyot institutiga hujjatlarimni topshirganman. Afsuski, qancha harakat qilsam ham urinishlarim besamar ketavergan. Keyin yana bir yil tayyorgarlik ko‘rib, qayta imtihon topshirishga esa hafsalam qolmagandi. Aksariyat tanishlarim menga chet elda o‘qishni tavsiya qilishardi. Lekin qachonki xorij haqida o‘ylasam, ko‘zimga jarag‘-jarag‘ pul ko‘rinardi. Chet elda o‘qish uchun juda katta pul kerak deb o‘ylardim. Lekin Turkiyaga kelib bildimki, bu yerda xuddi O‘zbekistondagiday, yoki undan ham kam pul sarflab, o‘qish mumkin ekan.

Xullas, Xudoga tavakkal qilib Turkiyaga keldim. Aeroportdan chiqqanimda, Istanbulning go‘yo ari uyasidek tirbandligini aytmaganda, qolganlariga ko‘nikishim qiyin bo‘lmadi.


Turkiya haqida gapirilganda odamni hayoliga birinchi Istanbul keladi. Lekin shuni unutmangki, Istanbul – bu haqiqiy Turkiya emas. Agar mamlakatning asl madaniyatini, yashash tarzini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, kichik shaharlarini kezishni tavsiya qilaman. Bir bor kelib ko‘rishga arzigulik joy. Ayniqsa, bir “bardak" turk choyi bilan “smit" (turk milliy shirinligi) olib, dengiz yonida nonushta qilishni gashti umuman boshqacha.

Turkiyada internet yaxshi yo‘lga qo‘yilgan

Turkiyada o‘qiyapsizmi, demak cho‘ntagingizda kamida 5 ta plastik karta sig‘adigan hamyoningiz bo‘lishi kerak. Chunki doim yoningizda avtobus uchun karta, universitet turniketidan o‘tish kartasi, shaxsiy bank kartasi, sportzallar turniketidan o‘tish kartalari, “kimlik" (siz haqingizda ma’lumotlar turadigan) kartasi va boshqa turdagi kartochkalarni olib yurishingiz shart.

Turkiya internet yaxshi yo‘lga qo‘yilgan davlatlar sirasiga kiradi. Siz haqingizdagi deyarli barcha ma’lumotlar internetga kiritiladi. Menga eng yoqqan tarafi — ba’zi joylarda hujjat rasmiylashtirish kerak bo‘lganda, mobodo “kimlik" (siz haqingizda ma’lumotlar turadigan) kartangiz uyda qolgan bo‘lsa ham uning telefondagi rasmini ko‘rsatib ishingizni bitirib ketishingiz mumkin.


Turklar juda ishonuvchan xalq

Turklar juda mehribon va ishonuvchan xalq. Kredit kartangiz yoki avtobus kartangiz uyda qolib ketsa ham ko‘chada qolmasligingiz aniq. Bu holat ko‘p boshimdan o‘tgan. Qardosh xalq bo‘lganimiz uchun hayot tarzimizda deyarli farq yo‘q. Taomlarining pishirilish tartibini aytmaganda, mazasi o‘sha-o‘sha. Menga yoqadigan tarafi, turklar o‘zbeklarni juda hurmat qiladi.


Turkiya ta’lim tizimi haqida

Turkiyadagi ta’lim tizimi haqida uzoq gapirish mumkin. Turklarning o‘qitish uslubi biznikidan ancha farq qiladi. Masalan, davlatda 200 dan oshiq universiteti bo‘lsa deyarli barchasi mustaqil. Qancha kvota ajratishilishi, grantlar va shunga o‘xshash barcha normativlarni universitetning o‘zi belgilaydi. Hamda o‘quv dargohlari xalqaro talablarga to‘laqonli javob bera oladi.

Meni eng hayratlantirgani bitta oliygohda 50–80 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Ya’ni xorijlik talabalarni qabul qilish imkoniyati maksimal darajada. Shu boisdan ham har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab yoshlar kelib bu yerda tahsil oladi. Misol uchun men o‘qiyotgan Karabuk universitetida 60 mingga yaqin talaba o‘qiydi. Shularning 8 mingga yaqini chet elliklar. Albatta, buncha xorijlik talabani bir universitetda o‘qitish hazil gap emas. Menimcha, har bir talabani erki va e’tiqodini hurmat qilgan holda ta’lim berish, munosabatda bo‘lish ularning eng katta yutug‘i. Bundan tashqari talabalar uchun universitetda deyarli to‘siq va cheklovlar deyish mumkin.


Xorijlik talabalar uchun qanday imkoniyatlar bor?

Turkiyada o‘qishning eng omadli yo‘li bu “Turkiya Burslari" orqali o‘qish. Shunga o‘xshash grantlardan “Mavlono talaba almashinuv dasturi" ham bor. Bu ikki grantda deyarli barcha xarajatlar davlat tarafidan qoplanadi. Bundan tashqari “Vaqf fondlari" bor. Agar talaba yaxshi o‘qib o‘zini ko‘rsata olsa, fondlar oylik stipendiyalar ham belgilaydi.

Turkiyada o‘qish xarajatlari

Stipendiya berilmagani uchun kontraktlar boshqa davlatlarga nisbatan ancha arzon. O‘rtacha yo‘nalishlarga kontrakt 400 dollardan 1000 dollargacha. Ammo tibbiyot sohasida o‘qish biroz qimmatroq. Masalan yiliga 1000–2000 dollar atrofida shartnoma pulini to‘laysiz. Agar darslardan orttirib vaqt va kuch topolsangiz ishlashingiz ham mumkin. Ingliz tilini bilsangiz yaxshi ishlarga joylasha olasiz. Qiyinchiliklarga sabr qilsangiz oyiga 800-2000 liragacha taxminan 1–3.5 mln so‘m atrofida pul topishingiz mumkin. O‘zim ham hozirda Istanbuldagi oilaviy restoranda ishlayapman. Soham bo‘lgani uchun ham tajribam oshyapti, ham qo‘shimcha daromad qilyapman.


Talabalarning hayoti

Turkiyada talabalar uchun yotoqxona masalasi muammo emas. Siz xususiy va davlat yotoqxonalarida yashashingiz mumkin. Xususiy yotoqxona yeyish-ichish bilan oyiga 100-120 dollar bo‘lsa, davlat yotoqxonalarida esa oyiga 40-50 dollar atrofida pul to‘laysiz. Bu ijara uyidan ikki karra arzon degani. Shu bois aksariyat talabalar davlat yotoqxonalarida yashaydi. Muhit ham yaxshi. Muhimi odamni tartibga o‘rgatadi. O‘zim ham davlat yotoqxonasida turaman. Sharoitidan noliydigan joyini topolmadim.


Turkiyadagi hozirgi faoliyatim haqida

Hozirgi paytda Karabuk universitetining “Turizm va mehmonxona xizmatlari" yo‘nalishida o‘qiyapman. Turkiyaga moslashishimda Karabuk universitetidagi o‘zbekistonlik ustozlarim filologiya fanlar doktori Nodirxon Xasan, filologiya fanlari nomzodi Saidbek Boltaboyev, texnika fanlari nomzodi, dotsent Ziyodulla Yusupovlarning hissalari katta bo‘lgan. Haftada bir marta bo‘lsa ham ularning oldiga borib, suhbatini olaman. Ularning maslahatlari bilan yangi kelgan paytimda deyarli qiynalmadim.

Turkiyada 83 ta viloyat bor. Har bir viloyatda turizm muhiti ham farqli. Soham turizm bo‘lgani uchun oxirgi ikki yilda Turkiyaning hech bo‘lmaganda yarim viloyatini kezib chiqishni niyat qilganman. Hozircha 8 viloyatini ko‘rish nasib qildi.


Turkiyaga o‘qishga bormoqchi bo‘lganlar uchun tavsiyalar

Turkiyaga borishdan oldin ingliz tili yoki arab tilini mukammal o‘rganing. Chunki bu yerda hozir ikki tilni biladiganlar juda kerak. Bu tillar bilan o‘qishingiz ham, ishingiz ham oson kechadi.

Lekin shuni esdan chiqarmang. To‘g‘ri, Turkiyada kontrakt arzon, talabalar uchun barcha imkoniyatlar bor, lekin talab ham shunga yarasha. Ya’ni bakalavrda o‘qish oson kechmaydi. Berilgan erkinliklarga yarasha darslar ham o‘z o‘rnida talab qilinadi. Bu yerda “Domla, amakim salom aytdi", “Domla, palonchi joyda yangi restoran ochilibdi" kabi mulozamatlar o‘tmaydi. Agar o‘qisangiz, albatta, bahongizni olasiz, yo bo‘lmasa kursdan kursga qolib ketaverasiz.

Maslahatim internetni maksimal darajada o‘rganing. Bu yerda ba’zida yeydigan noningiz ham internetga bog‘liq bo‘lib qoladi. Messenjerlarda yozishish etikasini o‘zlashtiring.

“Oltin etiket" kitobini o‘qib chiqing. Chunki undagi tavsiyalar Turkiyada sizga juda asqotadi.

Universitet tanlayotganda obro‘lisini tanlashingiz shart emas. Boisi, oliygoh nufuzi sizni hech qanaqa kelajagingizni belgilamaydi. Hammasi o‘zingizga, qiladigan harakatingizga bog‘liq. Izlansangiz, chin ko‘ngildan harakat qilsangizgina yutuqqa erisha olasiz.

Turkiyaga kelgan zahoti katta shaharlarda o‘qishga yoki ishlashga intilmang. Kichikroq shahar tanlang. U yerda yashash davomida madaniyati va tilini o‘rganganingizdan keyin megapolis shaharlarida yurishda qiynalmaysiz. Ularning tilidagi iboralar, jest (imo-ishora)larini mukammal o‘rganib olsangiz muloqot qilishingiz oson kechadi. Ishingiz tez bitadi. Ular ham sizga hurmat ko‘rsatadi. Shunda stresslarsiz, o‘zingizni begonadek his qilmay yashaysiz.

Manba: daryo.uz