“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat OTMlarida o‘qiyotgan farzandlariga birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakti to‘lab beriladi


“Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident farmoni (PF–6260-son, 13.07.2021 y.) qabul qilindi.

“Temir daftar"ga kiritilgan oilalarning davlat OTMlarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022 o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi qoplab beriladi.

2021 yil 1 sentyabrdan respublikadagi OTMda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari beriladi.

Davlat organlari va tashkilotlarida ishlayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etiladi.