Taʼlim krediti haqida batafsil: uni qanday olish mumkin?


Huquqiy asos

Vazirlar Mahkamasining 26.07.2001 yildagi “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisida"gi 318-sonli qarori

Kredit miqdori: talaba va OTM oʻrtasida tuzilgan toʻlov-kontrakt shartnomasi miqdorida

Muddati: bakalavr bosqichi uchun - 10 yilgacha, magistratura bosqichi uchun - 5 yilgacha.

Foizi: ikki xil kategoriya boʻyicha turli foizlarda beriladi:

a) chin yetimlarga, “Mehribonlik uylari"da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga - nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

b) talabalarning qolgan toifalariga – Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori boʻlmagan miqdorda (hozir 14%).

imlarga beriladi: OTMlarga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning oʻzlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga.

Kredit taʼminoti

Kredit taʼminoti sifatida quyidagilardan biri yoki bir nechtasi taqdim etilishi mumkin:

a) mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlarni garovga qoʻyish;

b) bankning kafolati;

v) uchinchi shaxsning kafilligi;

g) sugʻurta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi;

d) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kafilligi (faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari"da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar uchun).

Qanday hujjatlar kerak?

Taʼlim kreditini olish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

a) ariza;

b) talaba va OTM oʻrtasidagi shartnoma (kontrakt);

v) mahalladan yashash joyi toʻgʻrisida maʼlumotnoma:

g) kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat;

d) imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar tegishli tasdiqlovchi hujjat.

Ariza qancha vaqtda koʻrib chiqilishi kerak?

Ariza bank tomonidan 10 ish kunida koʻrib chiqilishi va kredit shartnomasi imzolanishi kerak. Agar kredit berilmasligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda arizachiga kredit berishning rad etilishi sababi koʻrsatilgan yozma xulosa berishi lozim. Sizga shunchaki ogʻzaki rad javobi berishlariga yoʻl qoʻymang. Albatta asoslangan yozma javob berishsin. Bu kelgusida asossiz rad qilinganlik uchun shikoyat qilish huquqini beradi.

Kredit qachon toʻlanadi?

Taʼlim kreditlari boʻyicha mablagʻlar har yarim yilda yillik kontrakt miqdorini ikki teng qismga boʻlish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Bunda, 1-kurslar uchun 1-yarim yillikda 1 oktyabrgacha, 2-yarim yillikda 15 martgacha toʻlanishi mumkin. 2-kursdan boshlab sentyabr va mart oyining 5-sanasidan kechiktirilmasdan toʻlanadi.

Kam taʼminlanganlar uchun imtiyoz bormi?

Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan talabalar uchun kredit boʻyicha qoʻshilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan toʻlanadi.

Maxsus sirtqi, kechki va sirtqi taʼlim uchun ham taʼlim krediti olsa boʻladimi?

Nizomga koʻra, taʼlim krediti faqat kunduzgi boʻlimlarda oʻqiyotgan talabalarga beriladi. Shunga koʻra, maxsus sirtqi, kechki va sirtqi boʻlimlar uchun taʼlim krediti ajratish nazarda tutilmagan.

Xorijlik fuqarolar ham taʼlim krediti olishi mumkinmi?

Yoʻq. Nizomga koʻra, taʼlim krediti faqat Oʻzbekiston fuqarolariga beriladi. Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham Nizomda nazarda tutilmagan.

Super-kontrakt uchun taʼlim krediti olish mumkinmi?

Taʼlim krediti berishga oid qonun hujjatlari qabul qilingan paytda hali qoʻshimcha kontrakt degan narsa yoʻq edi. Shu sababli bu masala normativ hujjatlarda aniq koʻrsatilmagan. Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-son qaroriga koʻra, taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan OTMlarning kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning oʻqishi uchun berilishi mumkin.

Bu yerda muhim joyi - “qabul qilingan" soʻzi. Qoʻshimcha kontraktda avval 100% lik toʻlov amalga oshiriladi, undan keyin oktyabr oylariga borib oʻsha abituriyentlarni qabul qilish haqida qaror chiqadi. Toki toʻlovni amalga oshirmaguncha ular talabalikka qabul qilingan hisoblanmaydi.

Shunga koʻra, super-kontrakt uchun taʼlim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan.

Agar mabodo boʻlgan taqdirda ham, banklar baribir bermasdi, menimcha. Chunki taʼlim krediti qayta moliyalash stavkasi boʻyicha, yaʼni yillik 14% ga beriladi. Bu degani taʼlim kreditlari banklar uchun “nevigodno".

Shuningdek, taʼlim krediti uchun alohida katta resurslar ham ajratilmaydi, bunday sharoitda banklar bir necha yuz millionlab mablagʻini 14% lik kreditga ajratishni xohlamasdi albatta.

Lekin banklar super-kontrakt uchun kattaroq foizlarda oddiy kredit berishi mumkin. Buni bankning o‘zi hal qiladi.

Agar talaba talabalar safidan chetlatilsa nima boʻladi?

Agar talaba oʻqish davri tugamasdan talabalar safidan oʻchirilsa, OTM rahbariyati rektor (direktor)ning buyrugʻi chiqqan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida bu haqda bankka xabar berishi kerak, qarz oluvchi esa oʻz navbatida uch oy muddatda taʼlim krediti va unga qoʻshilgan foizlar boʻyicha qarzlarni toʻliq qaytarishi lozim.

Agar OTM oʻz vaqtida bankni ogohlantirmasa nima boʻladi?

Talabaning talaba safidan chiqarilishi OTM tomonidan bankka oʻz vaqtida maʼlum qilinmagan taqdirda, OTM ushbu davr uchun hisoblangan foizlarni bankka toʻlashga majbur. Faqat ushbu shartlar shartnomada aks etgan boʻlishi kerak.

Kreditni muddatidan oldin yopsa boʻladimi?

Ha, kreditni muddatdan oldin qaytarish mumkin.


Manba: @xushnudbek