Talabalarga kontrakt pulining 35 foizi Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berilishi mumkin


O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish qoidalari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (AV. ro‘yx. raq. 2899, 16.04.2018 y.)

Qoidalarga muvofiq Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar Yoshlar ittifoqning oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatida faol qatnashgan taqdirda Yoshlar ittifoq tomonidan moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladi.

Moddiy yordam Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qish uchun tuzilgan shartnoma miqdorining 35 foizini to‘lash orqali ko‘rsatiladi.

Buning uchun talabalar har yili 20 fevraldan kechikmay Ittifoqning Yoshlar Kengashiga moddiy yordam ko‘rsatilishi to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi lozim.

Arizalar 1 martdan 5 martga qadar bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha:

  • talabaga moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida Ittifoqning Markaziy Kengashiga tavsiya etish haqida;
  • talabani moddiy yordamga tavsiya etishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Talabani moddiy yordamga tavsiya etish rad etilgan taqdirda, Ittifoqning Yoshlar Kengashi majlisining bayonida muayyan talaba nima uchun rad etilganligi sabablari aniq ko‘rsatiladi.

Talabalarni moddiy yordamga tavsiya etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishda talabalarning oldingi o‘quv yilidagi (birinchi bosqich talabalari uchun o‘quv yilining birinchi semestr natijalari) quyidagi asosiy ko‘rsatkichlari inobatga olinadi:

  • talabaning Ittifoq faoliyatidagi (ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlarida, Ittifoqning Yoshlar Kengashi, mahalliy va hududiy kengashlari, Ittifoqning Markaziy Kengashi tomonidan tashkil etilgan loyiha tanlovlardagi) faol ishtiroki;
  • talabaning oliy ta’lim muassasasida belgilangan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi (ichki tartib qoidalarga rioya etilmaganligi holati faqatgina oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan e’lon qilingan hayfsan olganligi bilan aniqlanadi, bunda talabaning talabalik guvohnomasi hamda reyting daftarchasining yo‘qotilganligi uchun oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan e’lon qilingan xayfsan inobatga olinmaydi);
  • talabaning o‘rganilayotgan davrdagi o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi. Bunda talabaning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 71 va undan yuqori foiz bo‘lishi lozim. Talabaning o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi o‘rganilayotgan davrdagi o‘quv fanlari bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yig‘indisini o‘tilgan har bir semestrdagi o‘quv fanlarining umumiy soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

Ittifoqning Markaziy Kengashi talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin o‘n bank kuni mobaynida oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga moddiy yordam ko‘rsatish pulini o‘tkazadi.


Manba: insonvaqonun.uz