Talabalar diqqatiga! Motivatsion maktub (xat) qanday yoziladi?


«Xabar.uz» tahririyatiga yoshlar va talabalar orasidan turli mazmundagi savollar bilan murojaat qiluvchilar soni ortib bormoqda. Bular orasida Motivatsion xat yozish ko‘nikmalari haqidagi so‘rovlar ham ko‘p. Biz yoshlarning talab va istaklaridan kelib chiqib motivatsion xat yozish uslubini DAAD (Germaniya akademik almashinuv) dasturi misolida ko‘rib chiqamiz.

Motivatsion xati – turli dasturlar, anjuman va forumlar, grant, stipendiya hamda shu kabilarga so‘raladigan eng muhim hujjatlardan biri. Avvalo, shuni aytish o‘rinliki, motivatsion xat rezyumengizning aynan «takror» varianti bo‘lib qolmasligi kerak. Yozishni so‘nggi kunga tashlab qo‘ymang. Motivatsion xat yozishni imkon qadar oldinroq va tezroq boshlaganingiz maqsadga muvofiq. Esda saqlangki, siz tanlagan o‘quv dastur professional maqsadlaringiz yo‘lida muhim hisoblanadi.

Birinchi navbatda, o‘zingizga muhim savol bering:

  • Salohiyatim va imkoniyatim qay darajada?
  • Diplom olgandan keyin qaysi sohada ishlayman?
  • Bitiruvdan keyin, o‘z mamlakatimda jamiyat, siyosiy yoki texnologik soha rivojiga qanday hissam tegadi?
  • DAAD (Germaniya akademik almashinuv) dasturida ishtirok etishga uchun qay darajada munosibman?
  • Nega aynan tahsilni Germaniyada olib borishni xohlayapman?

Motivatsion xatingizda muvaffaqiyatlaringiz va mavjud salohiyatingizga urg‘u bering. Ammo buni bo‘rttirib yubormaganingiz ma’qul.

Shuningdek, Germaniyada siz tanlayotgan ta’lim yo‘nalishining o‘quv dasturlari va sizning avvalgi tajribangiz o‘rtasida kutilayotgan natijalar izohini bayon qilishingiz kerak. Xatingizda tanlagan universitet yoki maktab ta’limini munosib oqlash istagi va Germaniyada tahsil muvaffaqiyatga yordam berishini ayrim misollar orqali tasvirlab bering. O‘rganish bilan bog‘liq shaxsiy qarashlar, imkoniyatlar hamda bitiruvdan so‘ng kelgusi maqsadlarni bayon qilish dastur komissiyasida yaxshi taassurot qoldiradi.

Maktubni yakunlagandan keyin uning to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qiling. Birinchi navbatda zarur qismiga e’tibor qarating. Agar imkon bo‘lsa boshqa odamlarga takroran tekshirtirish foydali.

Motivatsion xat ikki, ko‘pi bilan uch sahifadan iborat bo‘lishi lozim. Matnning grammatik qurilishi, imloviy o‘rinlari muhim ahamiyatga ega. Yodingizda bo‘lsin, sizga dasturning suhbat jarayonida Motivatsion xatingiz bo‘yicha savollar berilishi mumkin.

Nurillo To‘xtasinov tayyorladi