“Super kontrakt” narxi qancha va kimlar uchun?


Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qo‘shimcha kontrakt (xalq tilida “super kontrakt") haqida savollar ko‘paydi. Shularni inobatga olib, qo‘shimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qilaman.

Qo‘shimcha kontrakda o‘qish uchun necha ball olish kerak?

Kamida 56,7 ball to‘plagan bo‘lish kerak. Undan kam to‘plaganlar hozircha qo‘shimcha kontraktda o‘qiy olmaydi.

Qo‘shimcha kontrakda o‘qishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?

Yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun test natijalari e’lon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak.

Ariza qayerga beriladi?

Qo‘shimcha kontraktda o‘qish istagida bo‘lganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.

Oshirilgan kontraktning narxi qancha?

Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

1-toifa:
- To‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar;
- 1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,0 barobar;
- 2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar;
- 3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar.

Masalan, kirish bali 140 bo‘lgan deylik. 139 ball to‘plagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini to‘laydi. Masalan, asli 10 mln kontrakt bo‘lsa, 15 mln so‘m to‘lasa kifoya.

138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini to‘laydi, ya’ni 20 mln so‘m. Va h.k.

2-toifa
- 56,7 balldan ko‘p to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan 25 baravarigacha miqdorida to‘laydi.

Masalan, yana o‘sha kirish 140 ball bo‘lgan yo‘nalishni misol olsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan ko‘p to‘plaganlar 2-toifaga tushadi.

Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi. O‘tgan yildagi narxlarni quyidagi manzildan ko‘rib olishingiz mumkin.

Oshirilgan kontrakt har yili to‘lanadimi yoki bir marta?

Bir marta to‘lanadi. Qo‘shimcha qabul qilingan talabalar birinchi o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi o‘quv yilidan boshlab amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori asosida (ya’ni el qatori) o‘qishini davom ettiradilar.

ESLATMA: 10 yoki 20 barobar degani bu eng kam oylik ish haqiga nisbatan emas, o‘sha yo‘nalishdagi kontrakt narxiga nisbatan. Ya’ni kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa, 10 barobar bo‘lganda qo‘shimcha kontraktda 100 mln so‘m to‘lanadi.

Manba: @xushnudbek