“Sobiq sovet mamlakatlarida ta'lim mustaqil fikrlashni o‘rgatmaydi” - Frensis Fukuyama


“Siz markaziy osiyoliklar taqdim etilgan fikrni shubha ostiga olishga, ochiq fikr bildirishga, mustaqil fikrlashga o‘rgatilmagansizlar. Menimcha, G‘arbiy Yevropaning iqtisodiy muvaffaqiyati siri ham shunda edi: ular hokimiyatni so‘roqqa tuta oladigan intellektual madaniyatni juda erta rivojlantira olgan", – deydi Stenford universiteti professori.

Professor Frensis Fukuyama – AQShning Stenford universiteti qoshidagi, Friman Spogli nomidagi Xalqaro tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi. U mazkur institut huzuridagi Demokratiya, taraqqiyot va qonun ustuvorligi markazining direktori.

Taniqli olim iqtisodchi Behzod Hoshimovning “Hoshimov iqtisodiyoti" loyihasiga bergan intervyusida Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning rivojlanishiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Quyida Fukuyamaning intervyudagi fikrlaridan ayrim parchalar keltirib o‘tiladi.

“Iqtisodiy o‘sish inson kapitalining rivojlanishiga bog‘liq"

— O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha ba'zi qo‘shnilariga qaraganda unchalik yomon natijaga erishmadi. Ammo menimcha, o‘sish barqaror emas, chunki u nisbatan kam miqdordagi xomashyo tovarlariga asoslangan.

O‘ylashimcha, jamiyatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi ko‘p hollarda inson kapitali rivojlanishiga bog‘liq. Bu masala esa asosan ta'limga borib taqaladi.


O‘zbekistonning Uzoq Sharq, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lovchi vazifasini bajarish potensialidan foydalanish masalasi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston – Si Tszinpinning “Bir kamar – bir yo‘l" tashabbusining bir qismi. Kelajakda mazkur yo‘nalish bo‘ylab qayta ishlash terminali sifatidagi faoliyat o‘sishning bir manbayi bo‘lishi mumkin.

Ammo haqiqatan ham har qanday jamiyatning o‘sishi uning odamlari, ularning olgan bilim darajasi va tashqi dunyo bilan aloqalariga bog‘liq. O‘zbekistondagi asosiy muammo mana shu masalada bo‘ladi degan fikrdaman.

Institutlarni isloh qilmay turib, inson kapitalini qanday yaxshilash mumkin?

— Ba'zan juda kuchli siyosiy institutlari yo‘q, asosan xomashyo ishlab chiqaradigan mamlakatlarda ham o‘sishni kuzatish mumkin. Institutlar esa ba'zan keyinroq paydo bo‘lishi mumkin. Bunday jarayonlar qat'iy ketma-ketlik asosida sodir bo‘lishi shart emas.

[...] Mamlakat rivojlanishi jarayonida sodir bo‘ladigan hodisalardan biri – inson kapitalining o‘sishi. Taraqqiyot davomiyligini ta'minlash uchun sizga universitet ta'limini olgan, umumiy savodxonlik darajasi, bazaviy matematika va boshqa shunga o‘xshash ko‘nikmalarga ega insonlar kerak bo‘ladi. Muvaffaqiyatli modernizatsiyaga erishgan har qanday jamiyat o‘z aholisida ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishga e'tibor qaratgan, deb o‘ylayman. Menimcha, bular – uzoq muddatli rivojlanishga olib boruvchi ba'zi omillardir.

Lekin bu – avval institutlar yaratilib, keyin o‘sish avtomatik ravishda ro‘y beradi degani emas. Chunki ko‘plab Yevropa mamlakatlarida bunday bo‘lmagan. Ular ko‘p jihatdan zaif institutlarga ega bo‘lsalar-da, juda tez sur'atlar bilan o‘sishga erishganlar.

Shu sababli muayyan masalaga qat'iy ketma-ketlik asosida yondashish shart emas deb hisoblayman.

[...] Shuni nazarda tutish kerakki, inson kapitali – iqtisodiy o‘sishning muhim shartlaridan biri. Biroq demokratiya masalasi biroz murakkabroq.

Tanqidiy fikrlashni o‘rgatmaydigan ta'lim

— Ta'lim tanqidiy fikrlashni shakllantiradigan bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Bilasizmi, ko‘p odamlar sobiq sovet ittifoqida olim yoki muhandis bo‘lish uchun ta'lim olishgan, ammo ularga bu mahoratlarni mexanik tarzda o‘rgatishgan. Masalan, siz shunchaki ma'ruzalarni tinglaysiz, ma'lum detallarni yodlaysiz, formulalarni qo‘llaysiz. Va ta'lim asosan shundan iborat bo‘lgan.

Sizlar [Markaziy Osiyo odamlari – tahr.] taqdim etilgan fikrni shubha ostiga olishga, ochiq fikr bildirishga, mustaqil fikrlashga o‘rgatilmagansizlar. Va menimcha, G‘arbiy Yevropaning iqtisodiy muvaffaqiyati siri ham shunda edi: ular juda erta bosqichda – O‘rta asrlarda, Uyg‘onish davrining boshlarida, keyin esa protestant islohotidan so‘ng hokimiyatni so‘roqqa tuta oladigan intellektual madaniyatni rivojlantirdilar.

Masalan, bu – “Men shaxs sifatida o‘z fikrlarimga egaman va o‘z fikrim bilan bo‘lisha olaman" deyish. Men bilan ishlagan Ukraina, Gruziya va sobiq kommunistik davlatlarning boshqa qismlaridan kelgan ko‘plab yoshlarda buning guvohi bo‘lganman. Ular madaniy jihatdan ma'lum ma'noda juda yevropalashgan. Ammo ularga hali ham fikrlash mustaqilligi yetishmayapti.

80 yillik savol: demokratiya iqtisodiy o‘sishni keltirib chiqaradimi yoki iqtisodiy o‘sish demokratiyani?

— Menimcha, demokratiyaning o‘zigina o‘sishga sabab bo‘lganini ko‘rsatish qiyin. Tez sur'atlar bilan rivojlangan muvaffaqiyatli avtoritar mamlakatlar ham bo‘lgan, masalan, Singapur va Xitoy. Tayvan va Janubiy Koreya – ikkalasi ham diktatura bo‘lgan kezlarning dastlabki kunlaridanoq juda tez o‘sdi. Va menimcha, bu o‘sish uchun yomon emas, chunki dunyodagi eng boy mamlakatlar demokratikdir, lekin men taraqqiyot va demokratiya o‘rtasida yetarli darajada bog‘liqlik yo‘q deb o‘ylayman.

Modernizatsiya nazariyasi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, taraqqiyot siyosiy ishtirok (political participation) uchun talabni tug‘dirishi kerak.

Odamlar ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishlari bilan, mulkka egalik qilishni boshlaganlarida, ular ko‘proq o‘rta sinf bo‘lib, o‘zlarining hukumatlarida biror bir javobgarlik bo‘lishidan manfaatdor bo‘ladi. Va bu – Janubiy Koreyada va Tayvanda ularning aholisi yaxshi ma'lumotga ega bo‘lgani va sanoatlashgani sayin sodir bo‘lgan hodisalardan biri.

Bundan keskin farq qiladigan misol bu – Xitoy. Chunki Xitoy haqiqatan ham Tayvan va Janubiy Koreyaning 1980-yillarda demokratizatsiyalashgan nuqtasini bosib o‘tdi. Bu ikki davlat o‘sha paytda hozirgi Xitoydan kambag‘alroq bo‘lgan bo‘lsa-da, Xitoydagi o‘rta sinfning demokratiyaga talabi ancha past. Lekin bu nazariya noto‘g‘ri ekanini anglatmaydi. Bu ko‘plab boshqa – aholi demokratiyani talab qiladimi yoki o‘rta sinf maqomiga egami-yo‘qmi kabi omillar mavjudligini anglatadi.

Bir nechta siyosatshunoslar tomonidan o‘rganilgan masalaga ko‘ra, siz aholi jon boshiga daromadning istalgan darajasida demokratiyaga o‘tishingiz mumkin, lekin xarid qobiliyati pariteti 10 ming – 12 ming dollarga yaqinlashdimi, bu nuqtadan ortga qaytish, ya'ni demokratiyadan avtoritar tizimga o‘tish juda kam hollarda uchraydi.

Afsuski, o‘sha darajadan yuqori qiymatga ega bo‘lsa-da, rivojlanish ortga qarab ketayotgan Vengriya va Polsha kabi davlatlarni bilamiz. Yuqoridagi qoida 15-20 yil avval bo‘lgani kabi hozir ham kuchli ekaniga shubham bor.

Professor Frensis Fukuyama – sobiq sovet mamlakatlarining rivojlanish tendensiyalarini o‘rgangan olim. AQShning Stenford universiteti qoshidagi, Friman Spogli nomidagi Xalqaro tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi. U mazkur institut huzuridagi Demokratiya, taraqqiyot va qonun ustuvorligi markazining direktori va Stenford universitetining siyosiy fanlar kafedrasi professori hisoblanadi.

Olim 1992 yilda nashrdan chiqqan “Tarix intihosi va so‘nggi odam" (The end of history and the last man) kitobi bilan nom qozongan.

Fukuyama taraqqiyot va xalqaro siyosat mavzularidagi maqola va kitoblari bilan jahon miqyosida taniqli olimlardan sanaladi.