Sherzod Shermatov: Maktablarda bo‘sh joy qolsagina qo‘shimcha kvota bilan qabul bo‘ladi


Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov feysbukdagi sahifasida maktablarda birinchi sinfga qabulning yangi tizimi joriy etilishi munosabati bilan yana bir post qoldirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda o‘z hududidagi maktablarda joy qolmagani uchun boshqa maktablarda o‘qishga majbur bo‘lgan bolalar soni 28 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda.

«Toshkentdagi 81ta talabgir maktablarning mikrohududida yashaydigan, lekin o‘zining maktabiga kira olmay boshqa maktablarda o‘qishga majbur bo‘lib kelayotgan o‘quvchilarning soni hozirgi kunda 28 mingdan ortiq ekan!

Ularning ushbu maktablarga kira olmagani sababi shu vaqtgacha bu maktablarga asosan boshqa mikrohududlardan tanish-bilish orqali bolalar qabul qilinib, ularga joy yetmay qolganidir...

Yangi tizim aynan shunday bolalarga qulaylik yaratadi, o‘zining mikrohududidagi maktabga tanish-bilishsiz, bepul kira oladi (avval buning imkoni yo‘q edi!). Biror bola mikrohududdan qamrab olinmasdan qolishi mumkin emas.

Avval shu maktablar mikrohududi to‘liq qamrab olinadi, undan keyin agar joy qolsagina qo‘shimcha kvota bo‘yicha olish mumkin bo‘ladi», deya yozgan vazir.

Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori asosida 2019/2020 yilgi o‘quv yilida Toshkentdagi 81ta maktabga qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Kelgusida bunday tartib butun respublika bo‘yicha tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Bu tartibga ko‘ra, maktablarga qabul kvotasi asosiy va qo‘shimcha kvota turlariga ajratiladi — asosiy kvota va pulli kvota.

Qo‘shimcha kvota — umumta'lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta'lim muassasalarida ta'lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun ajratiladi. Qo‘shimcha kvota uchun eng kam ish haqining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik to‘lov puli to‘lanadi, ya'ni ota-ona farzandini o‘z mikrohududidagi emas, boshqa yerda joylashgan maktabda o‘qishini istasa, ana shu miqdordagi pulni to‘laydi. Qo‘shimcha kvotalarni olish kuzatuv kengashlari tomonidan muhokamaga kiritiladi. Har bir sinfda bolalar soni 35 nafardan oshmasligi lozim.