Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan yangi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori bo‘yicha kunduzgi o‘qiydigan talabalarga 10 foiz chegirma berilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov bu boradagi fikrlarga munosabat bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, pandemiya sharoitida ta’limning masofaviy tashkil etilishi uning sifatiga ham salbiy ta’sir etmoqda. Avvallari ishlab yoki mardikorchilik qilib o‘qishiga pul to‘layotgan talabalarning ko‘pchiligi hozir ishlaridan ham ayrilgan. Shu sharoitda kontrakt to‘lovidan 10 foiz chegirma berilishi juda kam, deb baholanmoqda va 30-40 foiz chegirma bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilmoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda hattoki, to‘lov-kontrakt miqdori ta’lim sifati bilan o‘zaro bog‘lab ko‘rsatilib, o‘qitish sifati pastligi natijasida mamlakatning birorta oliy ta’lim muassasasi dunyo miqyosida Top-1000 ga kirmaganiga ham urg‘u berib o‘tilmoqda, shuningdek, mazkur holatga davlat idoralari va deputatlar loqayd munosabatda bo‘lmoqdalar, deb aytilmoqda", — deydi qo‘mita raisi.
Odiljon Iminovning bildirishicha, belgilangan kontrakt miqdori o‘qitishning minimal xarajatlarini ham qoplay olmayotganiga qaramasdan (o‘rtacha 68 foizi qoplanmoqda) amaldagi kontrakt miqdori bo‘yicha barcha talabalarga 10 foiz chegirma berilishini ijobiy baholash lozim.
Shuningdek, yetim, chin yetim, nogiron bo‘lgan talabalarga va “temir daftar" ro‘yxatidagi oiladan bo‘lgan talabalarga kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun manzilli moddiy yordam berib, 4 million so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatilishi belgilangan. Qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan talabaga esa shartnoma miqdorining 35 foizi to‘lab beriladi.
“Shu o‘rinda, barcha talabalarning moddiy ta’minoti darajasidan kelib chiqib, ularga kontraktdan chegirmalar belgilashni tabaqalashtirilgan usulda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb hisoblaymiz. Chunki ayrim talabalar uchun ularning moddiy holatiga nisbatan nafaqat chegirma miqdori, balki butun kontrakt miqdori ham sezilarli ta’sir etmagani holda, boshqalari uchun kontraktning 10 foizini to‘lash ham hozirgi sharoitda og‘irlik qilishi mumkin", — deydi senator.
Odiljon Iminov pandemiya sharoiti, shuningdek, ta’lim tizimidagi, ayniqsa uning boshqaruv mexanizmidagi qator kamchiliklarni ko‘rsatib qo‘yganini qayd etdi. “Nega endi kontrakt summalarini va unga chegirmalarni vazirlik belgilashi kerak? Axir, bu vazifa mustaqil yuridik shaxs sifatida faoliyatini yurituvchi — ta’lim muassasasi rahbariyatining o‘z moddiy imkoniyatlaridan kelib chiqadigan vazifasi bo‘lishi kerak emasmi? Faqat ijtimoiy nuqtayi nazardan chegirmalar uchun mablag‘lari yetishmagani holatdagina ta’lim muassasasi rahbariyati subsidiyalar uchun vazirlikka murojaat etishi lozim, deb hisoblaymiz", — deydi Senat qo‘mita raisi.
Ma’lumot uchun, to‘lov-kontraktga 10 foizlik chegirma faqat davlat oliy ta’lim muassasalariga taalluqli. Nodavlat yoki xususiy oliy ta’lim muassasalari, xususan, Vestminster, Inha, Turin politexnika, MDIS, Yodju, AKFA, TEAM, Vebster kabi OTMlar to‘lov-kontrakt miqdorini o‘zi mustaqil belgilaydi va ularda chegirma yoki boshqacha tarzdagi imtiyozlar berish tartibi boshqacha. Ushbu chegirma haqidagi e’lon ularga taalluqli emas.