O‘zbekiston OTMlarida tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnoma shakli paydo bo‘ladi


2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekistondagi mahalliy oliy ta'lim muassasalarda ta'lim uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnoma shakli joriy etilishi mumkin. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov bayonotiga tayangan holda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Begimqulovga ko‘ra, to‘lovning yangi shakli aynan kelgusi o‘quv yilida joriy etilmasligi ham mumkin, lekin tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnomasini joriy etish bo‘yicha huquqiy-normativ hujjatlar bazasi shakllantiriladi, loyiha ishlab chiqiladi.

«Bu masalada ish olib borilyapti. Hududlarning sharoitidan kelib chiqib, to‘lov-shartnomani o‘rnatish uchun minimal talablar joriy etiladi. Yangi o‘quv yiliga qadar barcha zarur huquqiy hujjatlar tayyorlanadi. Biz ayrim omillarni inobatga olib, to‘lovning tabaqalashtirilgan shakli paydo bo‘lishini o‘ylamoqdamiz. Albatta, marketing izlanishlari olib borilyapti, alohida hududlarda aholining ta'lim uchun to‘lov qobiliyati ham o‘rganiladi», – deydi vazir o‘rinbosari.

2018/19 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekistonda oliy ta'lim uchun to‘lov miqdori respublikada o‘rnatilgan eng kam ish haqiga bog‘lab qo‘yilgandi. Shuning bilan, har gal to‘lov-shartnoma narxini alohida hujjat bilan oshirilishiga chek qo‘yilgan.

Ko‘plab xorijiy oliy ta'lim muassasalari talabalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olib, ularning o‘qishdagi rag‘batini oshirish uchun tabaqalashtirilgan to‘lov shaklini allaqachon joriy etgan.